"Huquqiy mahalla"da huquqiy muammolar qolmaydi

Endilikda adliya idoralari tomonidan “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida har oyda bittadan mahalla tanlab olinib, fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolari  tahlil qilinadi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda ko‘maklashiladi.

Payariq tumanidagi Bahor mahallasi yanvar oyida “Huquqiy mahalla” sifatida tanlab olinib, hududda uyma-uy yurish orqali aholi bilan muloqot qilindi va aholining huquqiy muammolari  o‘rganildi. Yaqinda shu maqsadda mahallada tuman adliya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, FHDYo bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari tomonidan sayyor qabul tashkil etildi. Unda fuqarolarning 20 dan ortiq murojaatlari tinglandi. 3 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi. 48 nafar fuqaroga joyida huquqiy tushuntirish berildi, 12 nafariga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

“Huquqiy mahalla” sifatida tanlab olingan mazkur manzilda 515 ta xonadon mavjud. Mahalla aholisining bugungacha 1120 ta huquqiy muammosi tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Ularning 499 tasi uy-joy, 106 tasi ish haqi va mehnat munosabatlari, 100 dan ortig‘i tug‘ilish, o‘lim, nikoh, ajrim masalalari, 110 tasi davlat, notarius xizmatlari va boshqa masalalar bilan bog‘liq. Ushbu muammolarning qariyb 70 foizi hal etilgan. Bundan tashqari, uyma-uy o‘rganishlar davomida 403 ta sayyor davlat xizmati, jumladan, notarial, FHDYo xizmatlar joyiga chiqib ko‘rsatildi.

Mansur Hasanov.