“Hyundai porter” yuk avtomobili yonib ketdi

Kecha, 12 sentyabr kuni soat 07 dan 43 daqiqa o‘tganda Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani, Chustko‘prik mahallasida joylashgan “Isoqxon Ibrat metangaz” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi hududida “Hyundai porter” rusumli yuk avtomobili yongani haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etishga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan.
Bo‘linmalar voqea joyiga soat 07:51 da yetib borgan va yong‘in soat 07:53 da qurshab olinib, soat 08:00 da to‘liq bartaraf etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Hodisa oqibatida “Hyundai porter” rusumli yuk avtomobilining salon qismi va shinalari yonib zararlangan. Yong‘inga siqilgan gazni to‘ldirgandan so‘ng gaz shlangi uzilmasdan avtomobilning harakatlanib ketishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.