Ibn Sino merosini bilasizmi?

Samarqand davlat tibbiyot universitetida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga bag‘ishlangan “Ibn Cino merosi” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi va Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan uchinchi bor o‘tkazilayotgan tadbirda Samarqanddagi dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi o‘rmon va fermer xo‘jaliklari, korxonalar hamda dorivor o‘simliklar bilan bemorlarni davolovchi xususiy tibbiy markazlar vakillari ishtirok etdi.
– Bugungi kunda viloyatimizdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi, 5 ta fermer xo‘jaligida dorivor o‘simliklar yetishirilayotgan bo‘lsa, 8 ta korxona qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda, – deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Shuningdek, ushbu yo‘nalishda bir nechta startap loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, dorivor o‘simliklar bilan davolovchi xususiy shifoxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin mavjud imkoniyat va resurslarni hisobga olganimizda bu juda kam. Mutaxassislar mamlakatimizda 577 turdagi dorivor o‘simlik turini aniqlagan. Viloyatimizdagi o‘rmon xo‘jaliklarida esa 17 turdagi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari mavjud xolos. Janubiy Koreyada dori vositalarining 25 foizi tabiiy dorivor giyohlardan ishlab chiqariladi. Bu tabiiy dorivor giyohlarga talab yuqoriligidan dalolat beradi. Biz ham farmatsevtika sanoatimizda dorivor o‘simliklar yetishtirish va ulardan dori vositalari tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Mazkur ko‘rgazma ham shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, viloyatimizdagi 30 dan ortiq farmatsevtika korxonasi va dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Ko‘rgazmada dorivor o‘simliklar, ularni qayta ishlash natijasida olinayotgan mahsulotlar namoyish etildi, taqdimotlar o‘tkazildi.
– Xo‘jaligimizda 135 gektar yerda kovrak, 30 gektarda na’matak, 50 gektarda qizilva qora do‘lana parvarishlanmoqda, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi Fozilmon ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonchisi Sayfiddin Qo‘chqorov. – Bundan tashqari, achchiq bodom, kiyik o‘ti, dala choy, isiriq kabi dorivor o‘simliklar yetishtiriladi. Hozirda achchiq bodomni qayta ishlab yog‘ini olyapmiz va farmatsevtika korxonalariga yetkazib beramiz. Kelgusida bu boradagi faoliyatimizni kengaytirish bo‘yicha yangi loyihalar ustida ishlayapmiz.
Ko‘rgazmada Samarqand davlat tibbiyot universiteti olimlarining dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha ilmiy ishlanmalari hamda startap loyihalari namoyish etildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).