Ibrat: Halol mehnat qachon bo‘lsa-da, o‘z mevasini beradi

Ertalab separatordan qaymoq chiqarayotgan Bashorat momoning xayolini darvozaning taqillashi buzdi:

- Kim bor?

- Hozir! - Bashorat momo separatorni to‘xtatib chaqiriqqa peshvoz chiqdi. Ishxonasidan kelishgan ekan.

- Assalomu alaykum, buvijon, sog‘-salomatmisiz? - Boshliq o‘rinbosari Sanobarxon qo‘lidagi guldastani Bashorat momoga tutib uni mahkam bag‘riga bosdi, - Iloyo, baxtimizga omon bo‘ling, buvijon, tabriklayman, Soha xodimlari kuni munosabati bilan mukofotga sazovor bo‘libsiz.

Kutilmagan xabardan Bashorat momo o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Mehmonlarni uyga taklif qilib dasturxon yozdi, jamoa a’zolarining hol-ahvolini so‘radi.

…Bashorat momo nafaqaga chiqqunga qadar obodonlashtirish bo‘limida mehnat qildi. Qishni - qish, yozni - yoz demay qo‘lidan supurgi tushmadi. O‘ziga birkitilgan, ko‘cha va xiyobonni chinniday tozaladi. Erta tong so‘fi azon aytganda supurgisini olib chiqib ketadi. Odamlar - birov ishga, birov o‘qishga yo‘l olganda ko‘cha supurilgan-sidirilgan bo‘ladi. Albatta, bu farrosh Bashorat momoning zahmatli mehnati ekanligi hech kimning xayoliga kelmaydi. “Ey, baraka topsin, qo‘li dard ko‘rmasin”, degan minnatdorchilikni eshitmagan.

Xafa bo‘lgani o‘tgan-qaytganlar chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketaveradi.

- Ena, qo‘ying shu ishingizni, sizga nima yetishmayapti, tanish-bilishlar oldida uyalib ketyapman, - dedi bir kuni o‘g‘li Baxodir, -  nevaralaringizga qarab o‘tirsangiz bo‘lmaydimi? Qachongacha chiqindi supurib yurasiz?

- Nega uyalasan, bolam, mehnatning aybi bormi? O‘rganib qolganman, shu mehnat orqali sizlarni boqib katta qildim. Ko‘chani orasta saqlash savob, o‘tgan-qaytganning bahri ochiladi, bolam. Tozalikda gap ko‘p.

- To‘g‘ri, lekin biror marta kimdir “rahmat” dedimi?

- Aytdim-ku, bolam, savob uchun ishlayapman. Ko‘chaning xosiyati katta. U odamlarni urintirmay, surintirmay manzilga yetkazadi, olamdan o‘tganida oxiratga kuzatib qo‘yiladi, toza bo‘lishi kerak.

Xullas, birov ko‘cha supurgich ayolni nazariga ilgan-ilmagandir, lekin Bashorat momo nafaqaga chiqquncha supurgisini qo‘ldan tashlamadi. O‘g‘li to‘g‘ri aytgan ekan, na odamlardan, na boshliqlardan rahmat eshitgani yo‘q. Lekin mehnatini minnat qilmadi, bir burda nonni halol mehnat bilan topib yegan kishi xor bo‘lmas ekan. Mana, zamon o‘zgarib, Bashorot momoga o‘xshab nazarga ilinmay yurgan kishilar ham e’zoz, qadr topyapti.

…Hamkasblari tabriklab yo‘qlab kelishidan ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib, ko‘zlari sevinch yoshiga to‘ldi.

- Rahmat, qizim, umrlaring ziyoda bo‘lsin, - Bashorat momo Sanobarni bag‘riga bosdi.

- Ena, mehmon keldi, - Tashqaridan, o‘g‘li Bahodirning ovozi eshitildi.

- Uzr, sizlar qo‘zg‘almanglar, qaray-chi, qanday mehmon ekan? -  momo chaqqon turib peshvoz chiqdi.

Mahalla oqsoqoli qo‘lida sovg‘a bilan kirib kelardi.

- Eshitdim, onaxon, tabriklayman! Butun mahalla ahli xursand!

Shu kuni Bashorat momo xonadonida to‘y bo‘lib ketdi.

Tog‘aymurod Shomurodov.