Ibrat: Noshukurlik - zavol, shukronalik - ne’mat
Bir sinfdoshim bor edi. Otasi “katta joy”da ishlar, badavlat yashashar edi. Sinfdoshim yaxshi o‘qirdi. Yettinchi sinfni bitirgan kuni mototsiklli bo‘ldi. Maktabni oltin medal bilan tugatdi.
Yillar o‘tdi. Bir kuni ko‘rishib qoldik.
– Ishlar qalay? – desam, zarda bilan qo‘l siltadi:
– Rasvo! Domlam o‘lgudek maraz! Nomzodlik ishimni cho‘zib yotibdi.
Yillar o‘tdi. Tag‘in ko‘rishdik.
– Ishlar qalay?
– Rasvo! O‘g‘lim ko‘p ichadi. Kecha yap-yangi mashinaning pachag‘ini chiqarib keldi!
Yillar o‘tdi. Yana ko‘rishdik.
– Ishlar qalay?
– Rasvo! Qizimning turmushi notinch. Qaynonasi yomon. Sudlashmoqchiman.
Yillar o‘tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Shifoxonaga borsam, rangi bir holatda yotibdi.
– Sog‘liq qalay?
– Rasvo! Qand kasali degan palakat adoyi-tamom qildi. O‘lib-o‘lmayman, tuzalib-tuzalmayman!
Tavba, deb gapiray-ku, farishtalar omin degan ekanmi, uzoqqa bormadi, bechora…
Yana bir sinfdoshim bor edi. Otasi urushdan yarimjon bo‘lib qaytgan, to‘kilib ketay deb turgan kulbada turishardi. Yaxshi o‘qirdi. Lekin medalga “ilinmadi”.
Yillar o‘tdi. Bir kuni ko‘rishib qoldik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Mebel fabrikasida ishlayapman. Kunduzi duradgorlik qilaman. Kechasi uch kunda bir qorovulman. Yaqinda velosiped oldim.
Yillar o‘tdi. Tag‘in ko‘rishdik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! O‘g‘lim o‘qishni bitirib, chet elga ishga ketdi.
Yillar o‘tdi. Yana ko‘rishdik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Qizim farzand ko‘rdi. Nevaramga beshik olishga ketyapman!
Yillar o‘tdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Xuddi o‘sha, boshqa sinfdoshim yotgan shifoxonada ekan. Rangi bir holatda.
– Sog‘liq qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Buyrak jinday shamollabdi. Bergan dardiga shukr!
Yaqinda uni tag‘in ko‘rdim.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Tuzalib ketdim, to‘ng‘ich nevaramning bo‘yi cho‘zilib qoldi. Xudo xohlasa, besh-olti yilda nevara kuyov ko‘raman. To‘yga kelasan-a?!
O‘tkir Hoshimov.