Ibrat olmagan ibrat berolmaydi

Bolalikning qadr-qimmatini aynan bolalik davrida hayotdan nechog‘lik ibrat olganing bilan belgilash mumkin. Yoshi kattalar ham orzu-umidlari farzandlarida bo‘y ko‘rsatayotganini ko‘rsa, taskin topadi. Garchi, har yangi avlod ajdodlaridan yaxshiligini isbotlashga harakat qilsa ham, katta avlodning hayotiy tajribasi va salohiyati ustuvor bo‘ladi. Avlodlar jamiyatda o‘ziga ehtiyoj sezganda faollik ko‘rsata boshlaydi. Avlodlarning bir-biriga bog‘liqligi ham shunda.

 Bugun, yoshim bir joyga borganda, bolalikda ko‘rib-kechirganlarim menga katta saboq bo‘lganligini anglab yetdim. Chunki ko‘rganlarim – mening  bugungi hayotim, kechinmalarim – mening bugungi tafakkurim. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Chunki «Qush uyasida ko‘rganini qiladi».

 Oyjamol opa saboqlari

Oyjamol opa degan tatar qo‘shnimiz bo‘lardi. Hammamiz bu ayolni hurmat qilardik va undan qo‘rqardik ham. Opaning bekor o‘tirganini sira ko‘rmaganman. Erini ham (u kishi paxta zavodida ishlardi), to‘rt farzandini ham uyda bo‘sh o‘tirishga qo‘ymasdi. Mabodo, xato qilib qo‘ysa, hammaning oldida uyaltirardi. Bizga – qo‘shni bolalarga ham shunday muomalada edi. Lekin hech kim unga «Men bilan nima ishing bor» demasdi. Aksincha, aytganini qilardik. Ehtimol, shunday tarbiya tufaylidir, opaning bolalari hayotda o‘z o‘rnini topdi. Vaholanki, ayrim o‘ziga to‘q qo‘shnilarimizning bolalari bunday darajaga erisha olmadi: biri o‘g‘irlik bilan qamaldi, boshqasi xotinidan ajraldi, uchinchisi ichkilikka ruju qo‘yib, bu yorug‘ olamni erta tark etdi.

Buning sabablarini endi tushunib yetdim. Oyjamol opa bolalarining o‘zidan kam bo‘lishini istamagan. Tabiat haqidagi bir hujjatli filmda – bir tur baliqlarning sharsharadan tepaga chiqib, o‘sha yerda urug‘ qo‘yib, keyin o‘lib qolishlarini ko‘rgan edim. Baliq urug‘ qo‘ygandan keyin o‘lishini biladi. Ammo u nasl qoldirish uchun hayotidan kechadi.

Darvoqe, opaning ikki o‘g‘il, ikki qizi ham o‘z kuchiga tayanib, el orasida o‘z o‘rnini topdi. Nuriya Xorazm tomonlarga turmushga chiqib ketdi, uzoq yil hisobchi bo‘lib ishladi, hozir nafaqada nevara boqib o‘tiribdi. Komil ichki ishlar polkovnigi, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosarligigacha yo‘lni bosib o‘tdi. Rumiya oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ancha muddat huquqiy bo‘limni boshqardi. Ayni paytda Islom akademiyasida ishlaydi. Xalilni hozirgacha Paxtachida g‘isht pishirishning mohir ustasi sifatida hurmat qilishadi.

Bolalikda olgan saboqlarimiz bizga bir umr tayanch bo‘lishini endi tushunib yetyapman. Ba’zan uyda olmagan ibratni bola ko‘chadan, mahalladan, qo‘shnilardan olar ekan.

Oysihat xola bilan Nortoji bobo erta vafot etgan o‘g‘lidan yodgor qolgan nabirasini o‘zlari katta qilishdi. Men ana shu bola – Rahim  bilan birga o‘sdim. O‘sha vaqtlarda ularnikiga borib qolgudek bo‘lsam, xola avvalo qo‘limni sovuq suvda yuvdirar, keyin oyoqlarimni ham sovuq suvga chaydirardi. Keyin bo‘ynimning sochini pakki bilan qirtishlab qo‘yardi. Rahimning kiyimlari doim dazmollangan bo‘lardi. Cholu kampir va bir o‘quvchi yashaydigan hovlidagi sarishtalikka hamma qo‘shni havas qilardi.             Men Oyjamol xolaning ham, Oysihat xolaning ham biron davrada ushbu fazilatlarni pesh qilganini ko‘rmaganman.

Baribir xonadon tarbiya o‘chog‘i, har kun ko‘raverganingiz ongingiz tugul vujudingizga ham singib ketar ekan.

Tadbirli bobom va momom

Usta Tosh bobom har hafta uy jadvalimni tekshirib turardi. Uy jadvali ham dars jadvaliga o‘xshagan narsa edi (bunday jadval hozirgi o‘quvchilarda yo‘q). Bu jadvalda darsdan keyin to ertalabgacha qiladigan ishlarim muhlati belgilangan bo‘lardi. O‘zi savodsiz bo‘lsa-da, «Bolam, jadvalingdagi hamma ishni qildingmi?» deb uyga kirishda o‘ng tomondagi devorga osig‘liq qog‘ozga qarab qo‘yar edi. Kechqurun esa «qani, menga bitta doston o‘qib ber» deb so‘rardi. Doston o‘qirdim, bobom maroq bilan tinglardi.

Sharofat onam esa meni uy ishlariga, hatto xamir qorish, ovqat pishirish, hovlini supurishga jalb etar, mehnat qilishni o‘rgatar edi. Ehtimol, shu tufaylidir, bugun mabodo ehtiyoj tug‘ilib qolsa, har qanday ishni o‘zim uddalash imkoniyatiga egaman.

Bir kuni Tosh bobomdan rubob olib berishini so‘radim. Do‘kondagi narxi 16 so‘m 50 tiyin ekan. Shunda u kishi «Bolam, pensiyam ro‘zg‘orga kerak, rubob olaman desang, ertaga ikkita quyon olib beraman, uch oy ko‘paytirib boqsang 50 so‘mga sotasan. Rubob ham, kostyum-shim ham olasan, chunki rubob chalgan odam shunday kiyinishi kerak», dedi. Va bobomning aytganini qilib, maqsadimga erishdim. Yana bir safar qaysidir do‘stimga havas qilib, 20 so‘m turadigan kostyum-shim olmoqchi bo‘ldim. Bobom bog‘imizda «tuproq bor, uch kunda 1000 dona g‘isht quysang 25 so‘mga olib ketishadi», dedi. Men shunday qildim va bu ishimni qachon, nimadir olishga ehtiyoj tug‘ilsa takrorlayverdim. O‘ylab qarasam, ancha-muncha g‘isht quygan ekanman. Bitta men emas, atrofimdagi do‘stlarim ham shunday yo‘l tutishardi.

Bir kuni darsdan kelsam, Sharofat onam qo‘shnimiz Nurbibi xola bilan suhbatlashib turgan ekan. Xolaning sakkiz o‘g‘li bor edi. Kattasini uylantirish uchun maslahat so‘rab chiqqan ekan. Beixtiyor ularning suhbati, aniqrog‘i onamning gaplari qulog‘imga chalindi.

- Nurbibi, sen faqat o‘g‘il katta qilding. Uyingda erkakcha muhit shakllangan, buni tushunishing kerak. Sen hozir ishimni yengillatadi, degan maqsadda nuqul ovqat pishiradigan, kir yuvadigan qizga havas qilma. Sen nafaqat katta o‘g‘lingni, boshqalarini ham tartibga chaqira oladigan, uyni saranjom-sarishta tutadigan ma’lumotli, aqlli kelin axtar…

Nurbibi xola momomning aytganini qilib kam bo‘lmadi.

Hayot hech qachon oson bo‘lmagan. Burunlari sharoit hozirgidan og‘ir bo‘lgan. Turmush tashvishlari yelkadan ezib, qaddingni bukchaytirganda, beixtiyor ko‘ngilga alam, iztirob oralaydi. Biroq, o‘ylab qarasam, o‘sha zamonlarda kattalar ko‘ngildagi alamlarini yashira olgan ekan. Men, garchi, bobomning, onamning ko‘zlarida yosh ko‘rsam-da, buning sababini ulardan bilib ololmaganman. O‘zlarini ovutishga, bizlarni chalg‘itishga harakat qilishgan. Hozir arzimagan yetishmovchiligini dunyoning g‘ami deb uvvos solayotgan ota-onalarni ko‘rganimda bobojonimning, momojonimning qadri ko‘proq bilinadi.

Biz ham muallimdan dakki eshitganmiz, lekin yegan shapalog‘imizdan ota-onamizga arz qilishni or bilganmiz. Chunki gunohimiz uchun jazo olganimizni sezganmiz, shu gunohni takrorlamaslikka intilganmiz. Hozir o‘ylab qolaman, bugungi bolalar kimdan, nimadan saboq olyapti?

Olmaning tagiga olma tushadi

Bolalikni xotirlasam yana bir narsa esimga tushaveradi. Bizdan sal nariroqda yashaydigan Omon boboning hovlisiga har safar havas bilan kirardim va u yerdan juda katta taassurot bilan ketardim. Ikki o‘g‘li, bir qizi ham kechayu-kunduz hovlida ish bilan band, tag‘in maktabda a’lo o‘qishadi. Hamma narsa joy-joyida. Bu uydagilarning muomalasi, xushfe’lligi, samimiyati meni bu yerdan ketkizgani qo‘ymasdi. Katta o‘g‘li Umar jo‘ramiz bo‘lgani uchun birga kitob o‘qirdik, mazmunini baham ko‘rardik, shaxmat o‘ynardik. Umar maktabdan keyin vaqt topib, g‘isht quyib sotib, ustini butlardi, ro‘zg‘origa qarashardi. Men bu oilada baqirib gapirgan, zarda qilgan, biror joyda birovga mahmadanalik qilgan odamni ko‘rmaganman. Shuning uchun oiladagi barcha bolalar o‘qimishli, munosib odamlar bo‘lib yetishdi. Hozirda ham ota hovlimga borishda shu hovliga o‘zgacha mehr bilan qarab o‘taman.

 Paxtachidagi uchrashuvda bir deputatning faolligini sezib qoldim. G‘ayrati, samimiyligi yuzidan bilinib turibdi. Surishtirdim, Umar jo‘ramning ukasi Kamolning o‘g‘li ekan. Maktabda direktorlik qiladi, tuman Kengashi deputati. Deputatlar o‘rtasidagi tennis musobaqasida mamlakatda yetakchi ekan. El-yurtining hurmatini qozonibdi. Demak, olmaning tagiga olma tushibdi.

 Oxirgi savol: Nima oldim, nima berdim?

 Avlodlar o‘rtasidagi munosabatlar ham dastlab oilada shakllanadi. Qaysidir masala yoki muammoni birgalikda muhokama qilish jarayonida yoshlarda tajriba ortsa, katta yoshdagilar yangi fikrlardan xabardor bo‘ladi. Hozirgi paytda bir uyda to‘plangan oila a’zolarining telefon kovlash bilan ovora bo‘lishiga qarab, qarindoshlar bilan bo‘lgan dilkash suhbatlarni sog‘inaman. Basma-basiga she’r o‘qib, yangi o‘qilgan kitoblar mazmunini muhokama qilardik. Bu samimiyat va odamgarchilik keyinchalik boshqa bir an’anani davom ettirishimizga sabab bo‘ldi. Men bobom va otamning do‘stlari, yaqin odamlarini yo‘qlashni odat qildim. Bobom yaqinlarining davralariga meni olib borardi. Bobom vafot etgandan keyin ham otam bilan ularning xonadoniga borishni kanda qilmadik. Hozirda esa otamning do‘stlari, kursdoshlari oilasidan xabar olib turaman. O‘z o‘rnida farzandlarim, ukalarim ham mening do‘stlarimni yaxshi bilishadi va hurmatini joyiga qo‘yishadi.

Hayotning oddiy qoidasi bor: avlodlar ajdodlarning sha’nidan faxrlanadi, merosidan saboq oladi, katta yoshdagilar esa o‘zidan keyingi avlodning har bir yutug‘idan faxrlanadi. Ammo mas’uliyat doimo katta avlod zimmasiga tushadi. Negaki, xalqimiz aytganidek, “Otang bilan emas, farzanding bilan faxrlan”. Zero, unga sening zahmatu mehnating singgan bo‘ladi.

Tabiiyki, har bir avlod o‘zidan oldingisidan yaxshi yashashga intiladi. Lekin taqdir har birimizning oldimizga qo‘yadigan og‘ir bir savol bor. Bu savol shunday: «Men otamdan qanday ibrat oldim? Men farzandlarimga qanday ibrat berdim?». Avlodlarni birlashtirib turadigan bu savolga hamma ham dadil javob bera olarmikan? Chunki ibrat ololmagan odam birovga ibrat bo‘la olmaydi.

Farmon Toshev,

senator.

(“Ma’naviy hayot” jurnalining 2022 yil, 1-sonidan olindi).