Ibratli hikoya: Men baxtliman

Bir kuni podshoh kasal bo‘lib qolibdi. Uni davolash uchun butun dunyodan tabiblarni chaqirishibdi, lekin hech biri podshohni davolay olmabdi. Shunda ularga bir donishmand maslahat qilibdi: agar bir baxtli odamni topib, uning ko‘ylagi podshohga kiydirilsa, u tuzaladi.

Baxtli odamni topish uchun dunyoning hamma tomoniga choparlar jo‘natilibdi. Lekin hech kim "Men baxtliman", degan odamni topa olmabdi. Kimdir boy, lekin kasal, yana kimdir sog‘, ammo kambag‘al, boshqasi boy, sog‘, biroq oilasi notinch – xullas, hamma nimadandir nolir edi.

Bir kuni tunda podshohning o‘g‘li shahar ko‘chalarini aylanib yursa, bir hovlidan kimningdir gapini eshitib qolibdi. U: "Yaxshi ishladim, pulimni oldim, qornim to‘ydi, endi maza qilib uxlayman. Mendan baxtli odam yo‘q", debdi.

Podshohning o‘g‘li sevinib ketib, tezda xizmatkorlarini jo‘natibdi. Katta pul evaziga o‘sha odamning ko‘ylagini olib kelishni tayinlabdi. Xizmatkorlar hovliga kirib shahzodaning buyrug‘ini bajarmoqchi bo‘libdi, lekin qarashsa, haligi "baxtliman" degan odam shunchalar qashshoq ekanki, hatto egnida ko‘ylagi ham yo‘q ekan.

Xizmatkorlar voqeani shahzoda va podshohga yetkazganida, shahzoda haligi qashshoq kishiga egnidagi shohona kiyimini eltishlarini, shoh esa yarim davlatini berishga roziligini aytishni buyuribdi. Hayotda kim, qanday odam baxtli bo‘lishini his qilgan podsho shu voqeadan keyin tuzala boshlagan ekan.

***

Xulosa: Bilingki, baxt matohda emas. Odam o‘zini bir muddat bo‘lsa-da, baxtli his qilishi uchun boy bo‘lishi shart emas, balki boriga shukr qilishi kifoya.

Akbarshoh Rasulov.