Ibratli hikoya: Nogiron boladan saboq

Yo‘lda ketayotib mashaqqat bilan yurayotgan bolaga ko‘zim tushdi. Qo‘ltiqtayoqqa suyangan, gavdasini tutolmay o‘ngga-chapga chayqalardi. O‘n uch-o‘n to‘rt yoshlar chamasida edi. Bolaga tikilib qolgandim, to‘satdan yerga yiqilib tushdi. Yugurib yoniga borib, turg‘izishga urindim.

Sassiz yig‘lardi.
– Biror yering og‘rimadimi, - dedim. – Bo‘lib turadi, xafa bo‘lma, bolam.
– Xafa bo‘lmayapman, - dedi. - Aslida ko‘p ham xafa bo‘lavermayman.
– Lekin nega yig‘layapsan? – deya so‘radim.
– Qo‘lim og‘ridi, - dedi. - Shuning uchun ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.
Qarab qo‘yay deb, ko‘ylagini sidirdim. Chap qo‘li bilagidan kesilgan edi. Shuning uchun bir qo‘ltiqtayog‘ini yaxshi tutolmasdi.
O‘rnidan qo‘zg‘alib:
– Kunda bir necha marta yiqilishga odatlandim, - dedi. – O‘tgan yili yiqilib tushganimda qo‘lim mashina ostida qolib ketgandi.
So‘z topolmay qiynaldim. Tasalli berish uchun:
– O‘kinma! - dedim. - Bundan ham yomoni bo‘lishi mumkin edi.
Yuzimga tikilgan ko‘yi:
– O‘kinmayman, - deya jilmaydi. – Aslida men ko‘p xafa bo‘lmayman. O‘ksinmayman.
– Biroz oldin ham shunday deding, - dedim. – Nega bunaqa deyapsan?
Qaltirayotgan gavdasini tik tutishga urinib:
– Chunki men Allohga ishonaman, - dedi. - Unga ishonganlar go‘zal vujudli, sog‘lom bo‘lmaydilarmi? Bu gal indamay qoldim. Bir so‘z aytolmasdim...
U tabassum bilan minnatdorchilik bildirib, yonimdan uzoqlashdi...
Qahramon bolaning ortidan qarab “Ajabo, qay birimiz baxtiyor ekanmiz?..” deya o‘yga botib qoldim...

Umida Adizova tayyorladi.