Ibratli hikoya: Ola-bula etli odam, kal va ko‘r qissasi

Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v Madinaga hijrat qilganlaridan salkam ikki yil o‘tgan paytlarda Abu Talxanikiga mehmonga bordilar va shu yerda ahli musulmonga bir hikoya aytib berdilar.

“Bani Isroilda uch kishi bor edi, — deb boshladilar suhbatni u zot. — Biri ola-bula etli, biri kal, uchinchisi esa ko‘r... Alloh taolo ularni bir imtihon qilishni xohladi va bir farishtani jo‘natdi.

Farishta haligi ola-bula etlining yoniga kelib:

«Nimani eng ko‘p orzu etasan?» dedi.

«Go‘zal bir rang va chiroyli bir tanani. Insonlar jirkanadigan bu suratdan qutulsam... Hamisha shuni orzu etaman», dedi.

Farishta uni bir marta silagan edi, o‘sha ondayoq istaganidek qiyofaga kirib tuslandi-qoldi.

Farishta so‘radi:

«Qaysi molni eng ko‘p sevasan?».

«Tuyani», dedi u.

Endi tug‘ay deb turgan urg‘ochi tuya berildi.

Farishta:

«Alloh sening uchun bu tuyani barakotli qilsin», deb duo qildi va qaytdi.

Haligi odam sevinchdan boshi osmonga yetar holatga tushdi.

Farishta kalning oldiga keldi:

«Sen eng ko‘p orzu etgan narsa nima?» dedi.

«Chiroyli sochim bo‘lsa va odamlar jirkanadigan holatdan qutulsam... mana shu eng ko‘p orzu etgan narsam», dedi u.

Farishta uni ham silagan edi, o‘sha zahoti u odam tuzalib qoldi. Chiroyli bir soch berildi.

«Endi yaxshi ko‘rgan molingni ayt. Qay birini yaxshi ko‘rasan?».

«Sigirni», dedi.

Unga ham tug‘ay deb turgan sigir berildi.

«Alloh sening uchun bu sigirni barakotli qilsin», deb duo qildi-da, farishta u yerdan ham qaytdi.

Nihoyat ko‘rning oldiga keldi:

«Eng ko‘p orzu etgan narsang nima?» dedi unga.

«Ko‘zlarni, — dedi ko‘r. — Qani endi Alloh menga ko‘rishni nasib etsa».

Farishta uni ham silagan edi, uning ham ko‘zlari ko‘radigan bo‘ldi.

«Eng ko‘p sevgan moling qaysi?».

«Qo‘y», dedi u.

Unga ham tug‘ay deb turgan bir qo‘y berildi.

So‘ng farishta duo qilib qaytdi.

Oradan yillar o‘tib, berilgan hayvonlar tug‘di, ko‘paydi. Qilingan duoning barakotidan vodiy to‘la tuyaga, yana biri vodiy to‘la sigirga, boshqasi vodiy to‘la qo‘ylarga ega bo‘ldi. Hammalari hayotlaridan mamnun. Orzulariga erishgan. Shunda bir kuni farishta badaniga oq tushgan odamning oldiga aynan uning avvalgi holida — ola-bula etli inson qiyofasida keldi.

«Juda faqir odamman, musofirman, chorasiz qoldim. Manzilga yetib olishim uchun avvalo Allohdan, qolaversa, sendan umid qilaman. Senga bunday go‘zal ko‘rkni, bunday qaddi-qomatni bergan, bu qadar mol ehson qilgan Alloh haqi, menga bir tuyangni bersang, toki manzilimga yetib olsam», dedi.

Birdan u odamning kayfiyati buzilib, xumrayib qaradi: «Mening zarur ishlarim shunchalik ko‘pki, qaysinisiga ulgurishimni bilmayman. Senga hozir yordam berolmayman», dedi bosh chayqab.

Shu so‘zlardan keyin farishta atay:

«Men seni tanigandek bo‘lyapman, — dedi. — Sen bir zamonlar odamlar jirkanadigan ola-bula tanli bir kishi emasmiding? Ustiga-ustak, faqir ham eding, shekilli. Alloh senga bu ne’matlarni baxsh etmasa, qayerdan olarding?».

«Yanglishyapsan, — dedi boyagi odam, — meni boshqa birovga o‘xshatyapsan, shekilli. Bu mol menga ota-bobomdan meros qolgan».

«Yolg‘onni yamlamay yutding-ku. Omin, Alloh seni eski holingga qaytarsin», deb farishta duo qildi, haligi odam shu zahoti eski holiga qaytdi. Molu mulk bir xayoldek bo‘lib qoldi.

Farishta u yerdan chiqib, kal odamning oldiga o‘sha kalning eski qiyofasida keldi. Unga ham dardini «to‘kdi». Birinchi odamga aytganlarini unga ham aytdi. Undan ham avvalgining javoblariga o‘xshash javob oldi.

Unga ham: «Agar yolg‘on aytayotgan bo‘lsang, Alloh seni asl holingga qaytarsin», deb duo qildi. Uning ham qo‘lidan ne’mat ketdi. Xuddi avvalgidek bir faqir odamga aylandi. Molu mulkidan asar ham qolmadi.

Farishta shunday qilib, ko‘rning oldiga ravona bo‘ldi. Uning oldiga xuddi avvalgi qiyofasida, ko‘r inson shaklida keldi.

«Men faqir bir odamman, musofirman, chorasiz qoldim. Manzilimga yetib olishim uchun yordamingga muhtojman. Ko‘zlaringning nurini qaytarib bergan Alloh haqi, menga bir qo‘y hadya qil», dedi o‘tinib.

Bu odam unga achinib, ko‘mak berishga oshiqdi. «Rost so‘zlaysan, chindan ham men ilgari ko‘r edim. Alloh menga ko‘zlarimni qayta ehson etdi. Alloh rizosi uchun bir qo‘y hadya etganim bo‘lsin. Shu bilan mushkuling oson bo‘lsa, men roziman», dedi.

Shunda farishta uning yelkasiga qoqdi va:

«Moling o‘zingga buyursin. Bu sen va birodarlaringga Alloh taolo tarafidan bir imtihon edi. Sen ulug‘ Mavloning rizosiga noil bo‘lding. Birodarlaring esa g‘azabga duchor bo‘ldilar», dedi.

Manba: Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” kitobi.