Ikki xil dunyoqarash

Bir kishi ish stoliga o‘tirib, qo‘liga qalam oldi. So‘ng shunday yozdi: «O‘tgan yili o‘t pufagim jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi. Bir necha oy yotib qoldim. Oltmish yoshga yetdim.
O‘ttiz yil davomida ishlagan nashriyot uyidagi vazifamni tark etdim.
Otam vafot etdi. O‘g‘lim avtohalokatga uchragani, bir necha oy o‘qishga borolmagani bois bakalavrlik darajasidan mahrum bo‘ldi». Varaqning oxiriga «O‘tgan yili juda ham yomon yil bo‘ldi» deb yozdi.
Ayoli kirib keldi. Erining kayfiyatsiz o‘tirganini ko‘rib, unga yaqinlashdi. Yelkasi uzra yozgan xatini o‘qidi. Hech narsa demay ohista xonani tark etdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng, qo‘liga qog‘oz ushlab kirib keldi. Indamasdan eri yozgan xatning oldiga qo‘ydi. Eri unga qarab o‘qiy boshladi:
«O‘tgan yili uzoq yillar azob tortib kelayotgan o‘t pufagingiz og‘riqlaridan xalos bo‘ldingiz. Oltmish yoshni qarshilagan bo‘lsangiz ham, Allohning izni ila sog‘-salomatsiz. Ishingizni tark etganingiz, uyda o‘tirib ajoyib asarlar yozishingizga imkon yaratib berdi. Otangiz to‘qson besh yil yashadilar. Hech kimga suyanib, muhtoj bo‘lmadilar. Qiynalmasdan tez va oson jon berdilar. O‘g‘lingiz avtohalokatda o‘limdan omon qoldi. Nogiron bo‘lib qolmasdan, mashaqqatsiz tuzaldi».
Varaq so‘ngiga «Alloh bizga o‘tgan yilni naqadar xayrli qildi. Hammasi yaxshilik bilan yakun topdi» deb yozilgandi.