Ibratli hikoya: Mashinadagi surat

Yig‘ilishga juda shoshib ketayotgandim. Yo‘lga chiqib, mashinalarga qo‘l ko‘tardim. Oq “Lasetti” to‘xtadi. Mashina ichiga razm soldim. Ko‘zim old oynaning burchagiga biriktirilgan suratga tushdi. Oppoq ro‘moldagi yuzlari nurli onaxon surati turardi.

— Onangizmi? — so‘radim haydovchidan.

— Ha, — dedi yigit.

— Uzr, hayotmilar?

— Xudoga shukr, - so‘ng so‘radi. - Nega qiziqdingiz?

— O‘zim, uzr…

Biroz sukunatdan keyin yigitning o‘zi gap boshladi:

— Bilasizmi, ko‘pchilik qiziqadi nega suratni yopishtirding, deb. Ikki sababi bor. Biri — katta tezlikni yaxshi ko‘raman. Mashina kam yo‘lga tushib qolsam oyog‘im beixtiyor  qattiqroq gazni bosadi. Onamning suratlariga ko‘zim tushgach esa tezlikni kamaytiraman. Bitta o‘g‘ilman, menga bir narsa bo‘lsa onam g‘amni ko‘tara olmaydi, deb qo‘rqaman…

— Ikkinchi sababi-chi, — deb so‘radim.

— Ikkinchisi va asosiysi, onam doim ko‘z oldimda. Ko‘chadagi ishlar, tashvishlardan siqilib ketsam, ularning yuzlarini ko‘rib barchasini orqaga tashlayman.  Onam suratini kuni bilan ko‘rsam ham qattiq sog‘inaman baribir. Uyga shoshilaman. Peshonamdan o‘pib kutib olishlarini tasavvur qilsam ishlarimni yanayam tezroq bitirishga urinaman.

— Sog‘insangiz tez-tez telefon xam qilib turasizmi?

— Albatta. Ikki soatdan ortiq ovozlarini eshitmasam o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman.

— Yaxshi…

Ichimda esa “Maqtanchoq ekanmi, go‘yoki boshqalar onasini yaxshi ko‘rmaydi”, degan xayol keldi. O‘ylay boshladim va u bilan o‘zimni beixtiyor solishtirdim: Onamning rasmlari yo‘q yonimda, papkalar ichida chang bosib yotganini aytmaganda. Uyga ham bu yigitdek shoshmayman. Telefonda esa…

Shu payt unga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Mendan uzr so‘rab mashinani chetga oldi. Uzoq gaplashgani yo‘q, lekin juda xushmuomala bo‘lib gapirardi. Unga razm sola boshladim. Telefonda gaplashyapti-ku har safar “Xo‘p bo‘ladi” deganda egilib ketay deyapti, go‘yoki onasi qarshisida turgandek. Ko‘zlarida esa quvonchni ko‘rsa bo‘lardi. Xuddi yosh bolakay onasiga talpingandagi quvonchdek. Farqi shunda ediki, yonimda yosh bola emas, kap-katta yigit o‘tirar edi. U bolalikdagi o‘sha mehrni saqlab qolgan edi. Unga havasim kelardi.

Agar bu yigitni onamlar ko‘rganlarida edi — uning onasiga ularning ham havaslari kelishi aniq edi. Yoki mendan qattiq o‘ksinardilar, shu yigitchalik e’tiborli bo‘lmaganim uchun. Negadir ichimdan bir achchiq narsa toshib kela boshladi. Ovozim bo‘g‘ilib, hiqildog‘imga kelib taqaldi. Manzilga qanday yetib borganimni bilmayman. Majlisda ham ignaning ustida o‘tirgandek bo‘ldim.

Tushlik payti uyga shoshdim, qo‘limda onam sevgan gullardan guldasta. Uyga yaqinlashganim sayin kayfiyatim ko‘tarila boshladi. Men juda xursand edim, onamni esa qanchalik sevinishlarini o‘ylab, yuzimda tabassum bilan eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldim.

— Assalomu alaykum, onajon.

— Va alaykum assalom. Tinchlikmi, bu paytda kelmasding-ku? — xavotir olib so‘radilar.

Orqamda yashirib turgan guldastani uzatdim:

— Sizni juda sog‘inib ketdim...

Manba