Ibratli voqea: Do‘st
Bir kishi gazdan katta qarz bo‘lib qoldi. Tekshiruvchilar kelib “Uch kun ichida to‘lamasangiz o‘chirib ketamiz, ham jarima to‘laysiz”, deb tahdid qilib, bildirishnoma tashlab ketishdi.
Chuqur o‘yga botdi, qo‘lida pul yo‘q. Aksiga olib mijozlardan ham eshik-romga buyurtma tushmayapti. Havo sovuq. Gaz o‘chirilsa, uy sovib ketadi. O‘zi bilan ayoli-ku mayli, chidashar, lekin ikki norasida farzandi nima qiladi!? Yaqindagina birining shamollashini tuzatish uchun dorilarga ancha puli ketgandi. Puldan ham avval igna ta’sirida chirqirab yig‘laydigan bolasiga achindi.
Shularni o‘ylab, boshi qotgancha sinfdosh do‘stining oldiga borishga qaror qildi. O‘rtog‘i ancha o‘zini tutib olgan, toparman yigitlardan edi. “Hali hech so‘ramaganman-u, yo‘q demas” degan umidda eshigini qoqdi.
- Iye, o‘zingmisan, o‘rtoq!? Salomatmisan? Qanday shamol uchirdi!? Bir yo‘qlab kelibsan-da, rahmat. Qani yur uyga, bir otamlashamiz, - dedi.
- Yo‘q, rahmat, do‘stim, boshqa safar. Oldingga bir yumush bilan keldim.
- Ha, ha, mayli. Nima gap?
Do‘stining so‘zlaridan quvonib, bor dardini aytdi. U esa bunga biroz tikilib turdi-da:
- Pulim yo‘q, xafa bo‘lmaysan, - dedi qisqa qilib.
Ustidan muzdek suv quyib yuborilgandek bo‘ldi, xayr-ma’zurni ham nasiya qilib ortga qaytdi. O‘rtog‘ining hay-haylashiga ham quloq solmadi. Qattiq dili og‘ridi. Kechgacha tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. Axir, kechagina shu do‘sti bilan maktabdan qochib kanal bo‘yida cho‘milishgan, to‘p tepib katta bo‘lishgandi. Begona bolalar bilan janjallashib qolishsa, jussasi kichikligiga qaramasdan, mag‘rurligidan tilini bermasdi. Qorni och qolsa ham shu g‘ururi tufayli maktab oshxonasida birov unga yegulik olib berishlariga yo‘l qo‘ymasdi. Ayni paytda esa o‘sha eng yaqin o‘rtog‘i tomonidan qadri toptalgandek his etdi o‘zini.
Ertasiga siniq kayfiyatda “gaz idorasi”ga yo‘l oldi. Bor topgani bir yarim million so‘m katta pul bo‘lsa-da, qarziga yetmasdi. “Gazdagilar ham odam-ku axir, to‘g‘risini aytib iltimos qilsam, tushunib, biror oy muhlat berishar, qochib ketmayapman-ku”, deb o‘zini ovutsa-da, go‘daklarining qish qahratonidan sog‘-omon olib chiqishni o‘ylab, ezilardi. Idoraga borib hisob-kitob bo‘limiga kirdi. Xodimlarga qarzi borligini, uni to‘lagani kelganini aytdi. Dasturdan tekshirib “Sizni qarzingiz yo‘q”, degan javobni eshitib, “yaxshilab tekshirsangiz, uzsak jarima ham to‘laysiz deyishgan”, dedi.
“Aka, qarzingiz yo‘q” degan qat’iy gapni eshitgach, muzlab qolay dedi. Bu anglashilmovchilikka aqli yetmay idoradan ichiga sig‘may, benihoya hursand holda pulni quchoqlab tashqariga chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay Alloh mushkulini daf qilgani uchun shukrlar aytib bordi. “Ehtimol duolarimning natijasidir”, deb quvonib borardi. Mahallasiga yetib, xasis sinfdoshining uyi oldidan o‘tayotganda yana uni ko‘rib qoldi. So‘rashish uchun cho‘zgan qo‘lini ham g‘azabdan javobsiz qoldirdi. Ko‘chaga qarata mag‘rur hayqirdi:
- Boshingga mushkul ish tushganda do‘st kimligini bilarkansan! Mana, gazdan qarzim yo‘q! Anglashilmovchilik sabab bo‘lib kim ekanligini bilib oldim! Lekin, shunday paytda ishongan do‘sting sinovdan o‘ta olmagani alam qilarkan! Bahonada kimligini bilib oldim, - deb baqirdi.
Uning shovqinidan bir necha qo‘shnilar ko‘chaga chiqishdi. Ichidagi bor alamlarini nafrat bilan baralla baqirib aytgach, yengil tortib yo‘lida davom etdi... Xasis do‘sti esa... Xasis do‘sti esa uning ortidan biroz tikilib turdi-da, uyiga kirdi. Yo‘lakda ko‘zlari yoshlangan ayoli:
- Dadasi, to‘g‘risini aytsangiz nima bo‘lardi. Qarang, shuncha malomat ostida qoldingiz! Nega bunday qildingiz axir, - deb yig‘lardi.
- Qo‘yaver, atay shunday qildim. Do‘stimga pul bersam menga qarzini qaytarish uchun chiranib mehnat qilib qiynalgan bo‘lardi. Shu sabab unga bildirmay, qarzini to‘lab keldim. Unga pulni berib, shunday hadya ham qilolmasdim. Olmasdi u! Uning g‘ururini bilaman, - dedi ma’yus...
Salim AYYuBIY.