Hamma onalarga o‘xshagan onam

Onamni ko‘rgani Samarqandga bordim. Qulog‘ida o‘tgan yili bayramda olib berganim – sirg‘asi ko‘rinmadi.
- Ona, qulog‘ingizdagini nega yechib qo‘ydingiz? – so‘rayman ohistalik bilan.
Onam menga bir muddat tikilib turadi. Bilaman o‘ylanyapti: rostini aytaymi yoki aldaymi deb...
- Rostini aytavering, yana kimga tutqazdingiz? – deyman unga yordam berish maqsadida.
- Akangning qiziga "O‘qishga kirsang, sirg‘a olib beraman", degandim. Mana SamDUga o‘qishga kirdi. Boshqa zirak ololmaganim uchun, o‘zimnikini sovg‘a qildim-da, - kulimsiraydi onam.
- Eh,onam-a, - deyman qo‘llaridan tutgancha. – Uzugingizni hech kimga bermadingizmi, ishqilib...
- Berdim, - deydi yana onam o‘zini aybdordek his qilib.
- Yana kimga? – so‘rayman og‘rinib.
Bu uzuk-zirakni oyligimdan qisib-qimtib yiqqanimni onam bilmaydi-da...
- Opangning ro‘zg‘ori kam bo‘lib qolibdi. Bilasan-ku, pochchang tuzukroq joyda ishlamaydi. Yig‘lab kelgandi, shuni sotaqol, deb tutqazdim, bolam, - menga mungli nigohlarini qadaydi onam.
Bu nigohlarga uzoq tikilaman. Mening qarashimni o‘zicha tushungan onam:
- Qo‘ysang-chi, menga nima keragi bor tillani, qizim. To‘y-hashamga taqaman, xolos. Boshqa payt kerakmas...
Volidamning kamsuqumligiga ko‘nglim og‘riydi. Besh bolani dunyoga keltirib, voyaga yetkazib, nahot bir uzuk-zirakchalik qadr topmasa...
Akalarimning topish-tutishi yaxshi.
Shu qiziga o‘zi zirak olib bersa bo‘ladi bo‘lardi, opamga ham yordam bersa davlati kamayib qolmasdi.
Sumkamdagi pulni sanayman. Bir ko‘ylakka yetadi. Onamga tutqazaman.
- Ona, shu pulni olingda, o‘zingizga yangi ko‘ylak oling, xo‘pmi?
Onam pulga qarab turadi. Ichidan yana nimalarnidir xomcho‘t qilyapti.
- Zohida, mening ko‘ylagim ko‘p. Shu pulga opangning ustiga olib bera qolay. Sho‘rlik ishiga uniqib ketgan jemferda borib kelyapti ekan...
Dod degim keladi. Yuzimni buraman.
- Ona, buni o‘zingizga ishlating, men opamga pul yuboraman.
- Chindanmi? – ishonqiramay so‘raydi onam. Bosh silkiyman.
Mashina rulini boshqargancha, ortga qaytarkanman, ko‘zimga yosh quyilib keladi. Toshkentda nufuzli tashkilotda ishlayman. Daromadim yomon emas. Umr yo‘ldoshim ham bank sohasida ishlagani uchun o‘zimning pulimni o‘zim ishlatishimga qo‘yib bergan. Onamni ko‘rgani har kelganimda albatta nimadir bergim keladi. Qo‘llari qadoq bo‘lgan, yuzlari so‘lg‘in onaginamga chiroyli kiyimlar, tilla buyumlar hadya qilaman.
Onam yangi liboslarga, taqinchoqlarga arziydigan ayol, axir...
Lekin onam.... mendan olganini boshqa farzandlariga tutqazadilar...
Ertasi kuni “Yetvoldingmi?”, deb qo‘ng‘iroq qiladi onam.
“Ha, keldim”, deyman.
Bilaman, “Opangga pul tashladingmi?”, deb so‘ramoqchi...
- Hozir akamning kartasiga pul tashlayman, opamga so‘m qilib beradi. Xavotir bo‘lmang, - deyman so‘rashidan avval.
- Alloh topganingga baraka bersin! – alqaydi onam.
Akamning raqamlarini teraman. Opamning holatini tushuntiraman.
- Ust-boshiga kiyim-kechak olib berish kerak ekan, aka, – deyman biroz jim bo‘lib.
Akam tomon sukutda.
Yuragim og‘riydi.
Xotiniga qilayotganlardan yuzdan birini shu singlisiga qilsa nima qilarkan, deyman ichimda yozg‘irib.
Onamning nega o‘g‘illarigamas, menga aytishini sababini tushungandek bo‘laman.
- Aka, karta raqamingizni yuboring, pul tashlayman. Bankomatdan yechib, opamga berib qo‘ying...
"O‘zim olib beraman, sen shahardasan, puling o‘zingga kerak", deyishini kutaman. Yo‘q,akam men kutgan javobni aytmaydi.
- Yaxshi, yubor...– go‘shakni qo‘ygach, ichimdan kelgan faryodni bosishga urinaman. Ortimda mo‘ltillab turgan o‘g‘il-qizimga qarayman.
- O‘g‘lim, sen akasan. Har doim singlingdan xabardor bo‘l. Sen uning suyangani, ishongani bo‘lgin, - deyman. Ko‘zimdagi yoshni payqagan 10 yoshli bolam bosh silkiydi. Men esa yig‘lagancha akamning kartasiga bir million so‘mni o‘tkazib yuboraman...
Saida AZIZ.