Eng yomon o‘lim...

U paytler Saodat asri zamonlari edi. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Makkai mukarramada islom dinini targ‘ib qila boshlagan edilar.

Bu xabar Yasrib, ya’ni Madinai munavvaraga ham yetib kelgan, shu yerlik bir shoir yangi dinga qiziqib qoladi. Yo‘l tayyorgarligini ko‘rib, Makkaga qarab tuyasida yo‘lga tushadi. O‘n kun yo‘l yurib, horib-charchab, Makkaga kirib keladi. Makka mushriklari uning musofirligini bilib, so‘rab-surishtirishadi.
U: "Makkadan Muhammad degan kishi chiqib, odamlarni yangi dinga da’vat qilayotgan ekan, u bilan uchrashib, ma’qul bo‘lsa diniga kirmoqchi edim", deydi.
Mushriklar uning qaroriga qarshi borib, shoirni shunday savollar bilan gapga tutadilar: "Xamrga (aroqqa) qandoq karaysan?"
Yaxshi qarayman, xamr shoirlarning ilm bulog‘i-ku.
- Eshigi tepasiga qora bayroq qadab, o‘ziga  chorlaydigan fohishalarga hushing qanday?
- Hamma erkaklar qatori.
- Riboga-chi?
- Ribosiz bu dunyoda yashab bo‘larkanmi?
- Qimorga nima deysan?
- U erkaklarning o‘yini.
- Unda ikkala qulog‘ing bilan yaxshilab eshitib ol, Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) dini shularning bariga qarshi, ularni harom qilgan. Ahmoq odamgina shunday rohat-farog‘atdan voz kechishi mumkin, to‘g‘rimi?
- Shunaqami, unda men, hech bo‘lmasa, yana bir yil o‘ynab kulib, maza qilib olay, undan keyin Muhammadga (alayhissalom) ro‘baro‘ bo‘larman, - deydi va orqasiga
qaytadi.
Ammo o‘n kunlik yo‘ldan yurib kelgan tuyasi o‘n qadam ham yurmay, tekis yo‘lda qoqiladi. Egasi yerga uchib tushadi va shu zahoti joni uziladi.
Bundan xabar topgan Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Bu qanday yomon o‘lim», deydilar.

"Sajdada orom bor" kitobidan.