Ibratli voqea: Bir ism fazilati
2016 yil, 30 sentyabr kuni. Onajonim ziyoratiga oshiqdim. Fayziobod "Damas"iga o‘tirdim. Eng so‘nggida qorachadan kelgan, yoshi oltmishlardan oshgan, bolali ayol chiqib keldi.
Qizcha ikki yoshlardan oshgan, bug‘doyrang, ko‘zchalari qop-qora, qoshlari enlikkina, odamni o‘ziga tortadigan edi. Negadir qizchaning ismini bilgim keldi.
- Bu qizchaning ismi nima?
Buvijonisi xotirjamlik, ko‘ngil to‘qlik bilan, xuddi o‘zidan rozi bo‘lganday ohangda javob aytdi.
- Nevaramga kundoshimning ismini qo‘yganman — Sharofatxon.
- Kundoshimning ismi, deysizmi?
- Ha...
- Mana, yetmishga yetay deyayotgan bo‘lsam, kundoshning ismini ardoqlab, nabirasiga qo‘ygan odamni birinchi marta eshitishim. Ko‘nglingizga tasanno! Shunaqa keng, shunaqa daryo ekanda-a...
Ayol men so‘rolmayotgan savollarni beixtiyor o‘zi hikoya qila ketdi.
- Kundoshim rahmatli yaxshi ayol bo‘lgan ekan. Odamlar uni tez-tez eslashadi. Kasallikka chalinib, bevaqt o‘tib ketgan.
Bir o‘g‘li, bir qizi menga qolgan. Shu nabiramning otasi men kelganimda yetti yashar bola edi. Shu o‘g‘limni uyladik. O‘n yil deganda shu qizni Alloh berdi.
- Ismini nima qo‘yamiz? - dedi dadasi. Men aytdim:
- Sen meni hurmat qilasan. E’zozlaysan, rahmat. Qizingga onangning ismini qo‘yamiz, - dedim.
O‘g‘lim "dod" deb yig‘lab, uyga, ichkariga kirib ketdi. Men ham rosa yig‘ladim. Hech kim o‘z onasidan qolmasin...
O‘g‘lim rosa yig‘ladi. Ich-ichida yig‘ilgan ayriliq, sog‘inchlarini to‘kib yig‘ladi. Keyin chiqib:
- Rahmat, ayajon, - dedi yana to‘liqib.- Sog‘ bo‘ling...
Oldimdan chiqib, ammasinikiga boribdi. Ammasi ham so‘rabdi.
- Qizingning otini nima qo‘ydilaring?
O‘g‘lim Umidjonim ammasiga qararmishu, gapirolmay, ko‘zidan yoshi quyilarmish... Aytolmabdi, faqat yig‘labdi, xolos.
Shu qizginamning ismi sharofati bilan yana bir yaxshiliklar bo‘ldi. Kundoshimning opa-singillari men shu oilaga kelibmanki, qadam bosib kelishmagandi. Singillarining ismini nabiramizga qo‘yganimizni eshitib, yo‘qlab, eshikdan kirib kelishdi. Ular bilan bordi-keldili bo‘lib qoldik.
Matluba Dehqon qizi.