Ibratli voqea: Bir poy poyabzal
Poyabzal sotuvchi yangi keltirgan mollarini peshtaxtaga joylashtirayotgandi. Ko‘chadagi bir bolakay uni kuzatib turardi. Sotuvchi mollar orasidan bejirimlarini oyna tomonga qo‘yarkan, bolakay peshtaxtaga yaqinlashdi.
Bolakay qo‘ltiqtayoqqa suyanib yursa-da, ko‘rinishi tetik edi.
Sotuvchi unga ko‘z tashladi. Shimining chap pochasi tizzasidan shalvirab turardi. Bir oyog‘i yo‘q ekan. Bolakay ko‘rgazmada turgan poyabzallarga bir muddat mahliyo bo‘lib qarab turdi-da, do‘kondan uzoqlashdi. Sotuvchi shoshib tashqariga bosh chiqarib:
– Bolakay! - deya chaqirdi. – Poyabzal olishni mo‘ljallaganmiding? Senga mos keladigan ajoyib oyoq kiyimlar bor.
Bolakay unga qayrilib:
– Haqiqatan ham poyabzallar chiroyli ekan, - deya tabassum qildi. – Lekin mening oyog‘im tug‘ma cho‘loq.
– Menimcha bu ahamiyatli emas! - Sotuvchi tashqariga otilib chiqdi. – Bu dunyoda hamma narsasi tugal odamning o‘zi yo‘q. Kimningdir qo‘li yo‘q, kimningdir oyog‘i. Yana kimningdir aqli, birovning vijdoni bo‘lmaydi...
Bolakay jim turaverdi. Sotuvchi esa gapida davom etdi:
– Koshki vijdonimiz bo‘lmaguncha, oyog‘imiz bo‘lmasaydi.
Bolakay hayron qoldi. Sotuvchiga yaqinlashib:
– Tushunmadim? - dedi.
– Shunday, bolajon! - dedi sotuvchi. – Vijdonimiz bo‘lmasa inson bo‘lolmaymiz. Oyoqlarimiz bo‘lmasa, inson bo‘lishimiz mumkin. Zotan insonni jismi emas fe’l-atvori to‘kis ko‘rsatadi. Vijdonsizlar jannatga kirolmaydilar. Oyog‘i yo‘qlar uchun esa jannatda bu nuqsondan forig‘ bo‘ladilar. Hatto jismidan nuqsoni bor insonlar sog‘lom kishilardan ko‘ra ko‘proq mukofotga munosib bo‘lishlari mumkin.
Bolakay yana bir bor tabassum qildi. Shu bugunga qadar chekkan iztiroblari ariganday bo‘ldi. Sotuvchi peshtaxtaga ishora etib:
– Hozir ko‘rganing poyabzal senga yarashadi. Kiyib ko‘rasanmi? - dedi.
Bolakay boshi bilan "yo‘q" ishorasini berdi:
– Ustiga o‘ttiz lira deb yozilgan ekan. Uni ololmayman.
– Hozir mavsum tushgan payt, shuning uchun biroz arzonlashtiraman. Yigirma liraga tushirishim mumkin. Sen uning bir poyini olasan. Demak, bir poy oyoq kiyimi uchun o‘n lira bersang kifoya qiladi.
Bolakay biroz o‘ylanib turdi-da:
– Narigi poyi biror ishga yaramaydi. Kim oladi uni? - dedi.
– Obbo, rosa gapni cho‘zding, - deya kuldi sotuvchi.
– Uni ham o‘ng oyog‘i bo‘lmagan biror bolaga sotarman.
Bolakayning ko‘ngli biroz tinchlanganday bo‘ldi. Sotuvchi undan:
– Maktabga borasanmi? - deya so‘radi.
– Ikkinchi sinfni tamomladim. Uchinchiga o‘tdim!
– Unda yana ham yaxshi, - dedi sotuvchi. - O‘quvchi bo‘lganing uchun besh liraga arzonlashtiramiz. Besh lira qoldi. Demak, poyabzal seniki bo‘ldi! Sotdim uni!
Sotuvchi bolaning hayrat to‘la boqishlari orasida do‘konga kirdi. Peshtaxtadan bolakayga yoqqan poyabzalni oldi. Bolakayni o‘rindiqqa o‘tirg‘izib, yangi oyoq kiyimini kiydirdi. Eski poyabzalini bolakayga ko‘rsatib:
– Men mahsulotimni sotdim, - dedi. – Sen ham bu poyabzalingni menga sotsang mamnun bo‘lardim.
– Hazillashyapsizmi? - qiqirlab kuldi bolakay. - Uning tagcharmi yeyilib ketgan, eski bir poyabzal bo‘lsa. Shu turishida pulga arziydimi u?!
– Sen qoloq ekansan-ku, kichik do‘stim, - deb kuldi sotuvchi. - Antikvar degan narsadan xabaring yo‘q ekan-da. Antikvar narsalar qancha eski bo‘lsa, shuncha narxi oshadi. Shuning uchun ham menimcha oyoq kiyiming o‘ttiz-qirq lira tursa kerak.
Bolakay go‘yo tush ko‘rayotgandi. Sotuvchining hayajondan titrayotgan qo‘llaridagi qog‘oz pullarga ko‘z yugurtirar ekan, o‘n liralik banknotni nari surdi:
– Menimcha yigirma lira ham yetarli. Hozir mavsum tushgan payt-ku!
Sotuvchi uning gapini rad etmay o‘n lirani qaytib oldi va bolakayning yonog‘idan o‘pdi. Quvonchi ichiga sig‘masdi sotuvchining. Agar butun do‘kondagi mollarini bir kunda sotib yuborsa ham hozirgidek baxtiyor bo‘lolmasdi. Bolakay sekin o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Go‘yo qo‘ltiqtayoqqa ham ehtiyoji yo‘q edi uning. Mahzun tabassum bilan shunday dedi:
– Otam haq ekanlar! "Jismingdagi nuqson uchun hech qachon o‘kinma!" - derdilar. Bugun birinchi marta nuqsonimdan o‘kinmadim...