Ibratli voqea: ​​Hisobli dunyo

Bolakay chetga tortib, bir narsalarni yig‘lamsirab shivirlagach, Odiljonning peshanasi tirishib, yuziga tashvish alomati yoyildi. Bir dam serrayib turdi-da, o‘g‘lining ortidan soy tomonga chopdi.

– Nima gap, tinchlikmi? – so‘rashdi yarim soatlardan so‘ng shalvirab qaytgan Odiljondan to‘yxonadagi qo‘shnilar.

– Qo‘ylarni o‘tlatayotgan ekan, qo‘chqorimiz suzishib, harom o‘lib qopti.

Kimdir astoydil achinib, «essizgina», dedi, boshqa birov «kelgan balo shunga ursin, boshingiz omon-ku», deya tasalli bergan bo‘ldi...

Ammo g‘alvaning kattasi Odiljonning xotini ishdan qaytgach boshlandi. Eriga o‘tkirlikda qishloqning peshqadami sanaluvchi ayol shunaqangi to‘polon qildiki...

– Halol qo‘yni nega harom qilib o‘tiribsiz? – chinqirdi mol achchig‘idan ko‘ziga qon to‘lgan xotin. – Mana menga halol...

Boyagina «qo‘yim harom o‘ldi» degan er pichoq-boltani ko‘tarib xotinining oldiga tushdi, yoniga onasidan tarsaki yegan o‘g‘li ham qo‘shildi.

Alqissa, o‘tloqda o‘lik yotgan qo‘chqor xotinning amri bilan «halollandi». Ko‘p o‘tmay bozorbop qilib nimtalangan go‘sht ombordagi qoziqlarda ilinib turardi.

– Ikki yarim pudcha yuk qildi, – dedi Odiljon shofyor qo‘shnisining yengidan tutib. – Besh-to‘rt kilo olib qolsam bo‘lar, qolganini bozorga eltib bering...

– Yo‘q! – cho‘rt kesdi qo‘shni sarkashlik bilan bosh chayqab. – Mashinam harom bo‘ladi.

To‘yxonadagilar huzurida oshkora izza bo‘lgan yigit yerga qaradi. Go‘sht baribir sotildi. Lekin mahalla ahlini bu emas, Odiljonning lopillab turgan sigiri egiz buzoqni o‘lik tuqqani hayratga solgandi.

 

Rustamjon UMMATOV.