Ibratli voqea: Ko‘kat bargi

Xoja Abu Hafs Kabir (rahmatullohi alayh) ilmda komillik darajasiga yetdi. Ustozi ul zotga ijozat berib: “Buxoroga borib odamlarga pandu nasihat qiling, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsating”, dedi. Xoja Abu Hafs uyga kelib, bu haqda jufti haloliga maslahat soldi.

Zaifalari aytdiki: “Xojam, shu kunga qadar biror narsani egasidan ruxsatsiz yeganmisiz?”. Xoja aytdi: “Norasidalik vaqtimda bir kuni otashparastlarning ko‘chasidan borar edim. Bir ko‘kat bargini olib yedim. Sening savoling sabab shu gunohim yodimga tushdi”.

Xotini: “Ey xoja, toki o‘sha kishining haqi sizda bor ekan, so‘zingiz xaloyiqqa ta’sir qilmas”, dedi.

Xoja otashparastning ko‘chasiga yugurdi. Ko‘kat egasini topib, unga yalindi, rozi bo‘lgin, deb iltimos qildi. U rozi bo‘lmadi.

Xoja aytdi: “O‘sha ko‘kat bargi uchun bir tanga berayin”. U qabul qilmadi. Oxiri Xoja: “Yuz tanga berayin”, dedi.

Shunda otashparast: “Ey xoja, bu gapni senga kim aytdi?” deb so‘radi. Xoja: “Ayolim aytgandi”, dedi. Haligi kishi: “Men ham bugun xotinim bilan mashvarat qilib, ertaga javobini aytaman”, dedi.

Tarso uyiga borib, xotiniga voqeani bayon qildi. Xotini: “Bir barg uchun sendek kishiga bunday tavallo qilsa, uning dini barhaq ekan. U Xoja yana kelsa, uning diniga kiraylik”, dedi. Tarsoning ham ko‘ngli moyil bo‘ldi. 

Ertasi kuni xoja borganida, ikkovlari uning oldida imon keltirdi. Ularni ko‘rib xesh-aqrabolarining hammasi musulmon bo‘ldilar.

***

Qissadan hissa shuki, din yo‘lida ilm o‘rganib, Haq yo‘lida xizmat qilmoqchi bo‘lgan kishi avvalo olgan ilmiga o‘zi amal qilsa, uning so‘zi ta’sirli, amali barokatli bo‘ladi.

So‘fi Olloyor, “Maslak ul-muttaqin”asaridan.