Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ibratli voqea: Muhtojning "muhtoj"ga savobi

Bozorga borayotgan edim. Odamlar gavjum o‘tadigan ko‘cha boshida yo‘lak chetidagi panjaraga bir unniqib ketgan qalin jemper ilib qo‘yilibdi. Etagiga bir qog‘oz qistirilgan, unga yirik-yirik harflar bilan qo‘lda nimalardir yozilgan edi.

O‘tgan-ketgan bir oz to‘xtab, o‘qib, so‘ng yo‘lida davom etardi. Bu hoalt mening ham diqqatimni tortdi. To‘xtab, o‘qiy boshladim:

"Men muhtojman. Nimagadir keyingi paytlar xech kim menga qaramay qo‘ydi. Boshqalar mendan ham muhtojroq bo‘lib qolgandir, deb o‘yladim. Bu qish kunlari kimdir sovuqdan diydirab yurgan bo‘lsa, olsin, kiysin, deb bor-yo‘g‘im - bitta jemperimni ildim. Olganga xursand bo‘laman, Alloh yordamchisi bo‘lsin", deb yozilgan edi qog‘ozda.

Ichimda bir nima g‘imirladi... So‘ng ketdim.

Yumushlarimni bitirib, shomga yaqin yana shu yo‘ldan o‘tdim. Boyagi jemper ham, yozuv ham xayolimdan ko‘tarilgan ekan, odamlarning to‘planib turgani esimga tushirdi.

Uzun panjaraning uch-to‘rt metr qismiga yozgi-yu qishki turli-tuman kiyim - ko‘ylaklar, kostyum-shimlar, jemperlar, paltolar, qalpoqlar... ilib tashlangan, bari toza, qimmatbaho ekani ko‘rinib turar edi. Panjaraga taqab qo‘yilgan katta qog‘oz quti oyoq kiyimlari-yu boshqa yana nimalardir bilan liq to‘la.

To‘planganlarning ko‘zi quti qopqog‘iga yopishtirilgan katta qog‘ozdagi yozuvlarda. Hamma o‘qib, muhokama qilar edi.

Qiziqib, men ham ko‘z yugurtirdim:

"Men boyman. Kiyimlarim ham ko‘p. Qishda sovqotmayman. Ammo xatingni o‘qib (uni xuddi menga yozgandaysan), o‘zimni yaxshilikka sendan ko‘ra muhtojroq his etdim. Sovuqdan junjikdim go‘yo. Sen qoldirgan jemperni olib kiygan edim, tanamga iliqlik yugurdi. Umrimda bunaqa iliqlikni tuymaganman. Endi bu jemperni har qishda kiyaman! O‘rniga uydagi bor kiyimimni olib kelib ildim. Bular sening va sen kabi yaxshi insonlarning haqi. Adashib, menda to‘planib qolibdi. Olib haqingni halol et, do‘stim!".

Bozordan kiyim-kechak olib qaytayotgan edim. Ichimda bir nima g‘imirladi. Og‘ir yelim xaltani u qo‘limdan bu qo‘limga olib, yo‘limda ketaverdim...

Nurulloh Muhammad RAUFXON.