Ibratli voqea: Qurbonlik

Qurbon hayiti yaqinlashaversa, bir voqeani bot-bot eslayman. Chamasi 10 yillar oldin bir qassob qo‘shnimdan qurbonlik uchun qo‘y olishda yordam so‘radim...

U esa boshqa qo‘shnimizda qo‘y borligini aytib uylariga olib bordi. Uyning kattasi - Hoji ota  yo‘q ekanlar. O‘g‘illari qo‘ylarni ko‘rsatdi. Bittasini tanladik. Qanchaligini so‘rasak, o‘g‘illari "Otam kelsalar o‘zlari bilan gaplashasizlar", dedi. Keyinroq kelishimizni aytib ko‘chaga chiqdik.

Qassob qo‘shnim: “Qurbon hayitiga yaqin qo‘ylar qimmatlashgan, biz tanlagandek qo‘yni bozorda taxminan 900 ming so‘m (o‘sha vaqtlarda narx shunaqa edi)ga beradi, ammo Hoji ota  insofli odam 800 ming so‘mga beradilar, inshaalloh”, dedi. 

Kechroq yana birga chiqdik. Hoji ota uyda ekan. Qo‘radan tanlagan qo‘yimizni o‘g‘illari olib chiqdi. "Necha so‘m beray qo‘yga?", desam "700 ming so‘m bering", desalar bo‘ladimi?

Qassob qo‘shnimning ham og‘zi ochilib qoldi.

– Hoji ota, buncha pulga ololmayman, bozor narxidan past aytyapsiz, qurbonlik uchun olyapman, 800 ming so‘m beraman", dedim.

Hoji ota:

– Yo‘q, 700 ming, qo‘shnini qo‘shnida haqi bo‘ladi, - deb turib oldi. 

Bir amallab 750 ming so‘mga ko‘ndirdik. Qassob qo‘shnim kuladi, shuncha yil qoramol, qo‘y oldi-berdisida yurib bunaqa savdoni ko‘rmaganman", deb.

Kecha bozorga chiqib, 20 kilogrammcha go‘sht qiladigan qo‘chqorlarning narxini 3,5 million so‘m deb turgan kimsalarni ko‘rib, o‘sha voqeani esladim. Alloh hammamizga insof bersin!