Ibratli voqea: Singil va rafiqa

- Kim bo‘pti u singlimga qo‘l ko‘taradigan?! Hali ko‘rsatib qo‘yaman, - jahl otiga mingan aka singlisining ko‘karib ketgan qovoqlariga qarab badtar tutoqdi. So‘ng shart o‘rnidan turdi.

- Qo‘ying... - yig‘lashda davom etardi singil. - Erimning o‘zi jahli tez... - Hozir undan zorlanib turgan ayol erining tarafini oldi, - halizamon kechirim so‘rab keladi.
- Qilg‘iliqni qib qo‘yib, kechirimini pishirib yesin! Men singlimni xo‘rlatib qo‘ymayman. Basharasiga bir musht tushirib, so‘ng uzr so‘raganim bo‘lsin!
- Unday qilmang, - singil mo‘ltirab kelinoyisiga qaradi.
- Dadasi... - tilga kirdi ayoli ham, - oilada
bo‘lib turadi...
- Sen aralashma!
- Axir... - ayol yerga boqqancha ohista so‘zladi, - mening akalarim to‘polon qilgani yo‘q-ku...
Erkak beixtiyor ayolining yanog‘iga qaradi. Haliyam qizarib turgandek tuyuldi. O‘tgan hafta mastligida «buncha ko‘p ichdingiz?» deb zorlangan ayolini qattiqroq turtib yuborganini esladi.
Ko‘zini yashirish uchun derazadan tashqariga boqdi.
Kelinoyisining shamasini tushungan singil ham asta tugunini ko‘tardi-da, uyalgancha xonadan chiqib ketdi.

Nodirabegim Ibrohimova.