Ibratli voqea: Tilakka zor tilanchi
Bir kuni tilanchi bir yigitchaning yo‘lini to‘sdi. U hech bir so‘z demay, yigitchaga qoqshoq qo‘lini cho‘zib, tilandi.
Yigitcha shoshib qoldi, darhol cho‘ntaklarini kavlashtirdi. Aksiga olib, uning yonida na hamyoni, na biron qimmatga ega buyumi bor edi.
“Asl shoyidan tikilgan dastro‘molimni beraman”, degan o‘yda yana cho‘ntaklarini ag‘dardi. U bugun uyidan juda shoshib chiqqan, hattoki, dastro‘molini olishni ham unutgan ekan. Yigitcha bu holdan qattiq xijolat bo‘ldi, beixtiyor hamon o‘sha alfozda turgan tilanchiga qo‘l uzatdi, uning qurishib, changakdek qotgan panjasini ikki kafti orasiga olib mahkam siqdi va mahzun jilmayib, shunday dedi:
- Aybga buyurmaysiz, birodar, yonimda hech vaqo yo‘q ekan. Men sadaqa o‘rniga sizga yaxshi tilak aytmoqchiman: ilohim, bunday zabunlikni tark etib, xayr-sadaqa emas, daromadi barakali mehnat evaziga yashash sizga nasib etsinu, keyingi safar uchrashganimizda sizni o‘ktam va ko‘rkam bir holda ko‘ray.
Tilanchi nursiz ko‘zlarini yigitchaga tikdi, uning qiyofasidagi samimiylikni ko‘rib yorilgan lablarida nim tabassum zohir bo‘ldi. Tilanchi ham yigitchaning qo‘llarini siqib qo‘ydi va shunday javob qaytardi:
- Rahmat senga, do‘stim. Murodingga yet! Bu dunyoda ikki kalom shirin so‘z, samimiy tilak, da’vat hammaga kerak. Aslida buyam bir xayr-sadaqa!