Ibratli voqea: "Uch dollar deb o‘g‘limni yolg‘onga o‘rgatishni istamayman"
Bir erkak bolalarini olib, o‘yingohga kelibdi. Bu yerda golf o‘yini o‘tkazilar, u o‘g‘illarini ilk bor tomosha uchun yetaklab olgandi.
Chipta olish uchun kassaga yaqinlashib so‘rabdi:
- Chipta necha pul turadi?
- Olti yoshdan kattalar uchun uch dollar, ungacha esa bepul. Xo‘sh, nechta beray?
- Kichigim uch yoshda, kattam yettida. Demak, ikkita chipta olamiz, mana sizga olti dollar.
Chiptachi kulib debdi:
- Janob, agar katta o‘g‘lingizni olti yosh deganingizda men bunga ishongan va siz pulingizni tejab qolgan bo‘lardingiz. Axir ko‘pchilik shunday qiladi. Oltimi, yettimi, bolalarni farqlash qiyin.
- To‘g‘ri, siz payqamasdingiz. Lekin o‘g‘lim bilardi-ku. Atigi uch dollar deb uni yolg‘onga o‘rgatishni istamayman.
Nodirabegim Ibrohimova.