Ichki organlari teskari joylashgan ayol 99 yil yashadi

U 99 yil yashadi. Garchi, uning tana a’zolari “noto‘g‘ri” joylashgan bo‘lsa ham. Bu uning o‘limidan keyin kashf qilindi.

Rouz Mari Bentli hayotining ko‘p qismini Oregon shtatining shimoli-g‘arbiy qishloqlaridagi uyida va turmush o‘rtog‘i bilan birga ochgan ozuqa do‘konida o‘tkazgan. U mahalliy xorda qo‘shiq kuylar, yakshanba maktabida dars berar va bog‘dorchilikka qiziqardi.

Bentlining hayoti millionlab boshqa odamlarning hayotidan unchalik farq qilmadi. 2017 yilda uning o‘limidan so‘ng Rouz va uning qarindoshlari deyarli asr davomida bilmagan ajoyib sir ochildi.

Amerikalik bu keksa ayol o‘zining tana a’zolarini Oregon sog‘liqni saqlash va fan univerisitetiga ehson qilishni vasiyat qildi. Aynan shu sabab Rouzga uning sirini qabrga olib ketishiga imkon bermadi. Chunki odatda qarilikdan vafot etgan murdani yorish talab qilinmasdi.

Yorish natijasida tibbiyot talabalari Bentli o‘zining 99 yillik umri davomida ichki organlarning transpozitsiyasi (yoki oyna (ko‘zgu) tartibida joylashishi), deb nomlanuvchi anomaliya bilan yashaganligini aniqlashdi.

Anatomik og‘ish Bentlining jigar, oshqozon va boshqa qorin bo‘shlig‘i organlarining o‘ngdan chapga ko‘chirilishiga olib kelgan, faqat yurak o‘z joyida turardi. Bunday transpozitsiyaning (levokardiya) varianti 22 ming yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning bittasida uchraydi.

“Men nimadir noto‘g‘ri ekanligini bilardim. Ammo Bentli qanday tuzilganligini aniqlash uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi”, dedi topografik anatomiya professori Kem Uoker.

Uning taxminiga ko‘ra, levokardiya bilan tug‘ilgan 50 million kishidan bittasi balog‘at yoshiga yetadi. Chunki ichki organlarning transpozitsiyasi hayot uchun tug‘ma yurak nuqsonlari kabi xavfni tug‘diradi.

Rouzda organlarning simmetriyasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaganligi sababli jiddiy kasalliklar yo‘q edi. Tibbiy adabiyotlarda levokardiya va ichki organlarning teskari joylashuvi bilan tirik qolib, taxminan 70 yil umr ko‘rgan ikki kishi va uzoq vaqt davomida hech kim bu yosh chegarasidan o‘tmaganligi to‘g‘risida axborot bor.

Ichki organlari teskari joylashgan bu ayolning bolalari deyarli uning o‘zi bu anomaliya haqida hech narsa bilmaganligiga amin edi.

“Onam bu to‘g‘rida bilganida juda xursand bo‘lardi va boshqalardan farq qilishi to‘g‘risida katta shavq bilan aytib bergan bo‘lardi”, dedi qizi Luiza.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.