Iftixori, g‘ururi yo‘q yulg‘ichlarga nisbatan yanada keskinroq kurashmoq lozim

Insonni hayvondan farq qiluvchi, tildan keyingi yana bir asosiy jihat - iftixor, faxrlanish tuyg‘usidir. Ya’nikim, avvalo, inson, oliyjanob fazilatlar sohibi ekanligi bilan buyuk va adolatli ishlarni amalga oshiruvchi, ayni paytda, jaholat va razolatga qarshi kurashuvchi yagona kuch ekanidan iftixor qiladigan, g‘ururlanadagan mavjudotdir. Basharti, bunday fazilatlar bo‘lmasa, uning ham hayvondan farqi qolmas edi. Alisher Navoiyning:

Odam borki, odamlarning naqshidir,

Odam borki hayvon undan yaxshidir

fardining umrboqiyligi ham mazkur haqiqatning badiiy ifodasi ekanligidadir.

Gap shundaki, o‘z haq-huquqini bilmaydigan, anglab yetganida ham uni himoya qilmaydigan, o‘z mamlakati va millatining kelajak taqdiri haqida o‘ylamaydigan odamlar, Fitrat ta’biri bilan aytganda, «jamiyat tanasidagi mikroblardir». Bakteriyalar butun tanaga tarqalib ketmasdan, oldini olish lozimligi ayon ish. Ammo nazarimda mikroblar allaqachon tarqalib bo‘lgan... Aks holda, asrlar mobaynida toptalib kelgan milliy qadriyatlarimiz, xususan, ona tilimizning himoyasi uchun uyushgan holda, ommaviy tarzda biror marta norozilik chiqishi bo‘lganmi?! (Alohida olingan mashhur fidoyi zotlardan tashqari). Bil’aks, mahalliy el o‘z beparvoligi va loqaydligi bilan bosqinchilarga qulay imkoniyatlar yaratib bergan, kelgindi-zo‘ravonlarga hamqanot bo‘lganlar. Oqibatda, iftixordan, nomus, ordan mosuvo bo‘lgan mahalliy korchalonlar kirdikorlari tufayli, bobomeros qadriyatlarimiz oyoq osti bo‘lgan.

Nadomatlar bo‘lsinkim, bu illat mustaqillik davrida ham yo‘q bo‘lib ketmadi. Hatto davlat siyosati darajasida tashviqot qilinayotganligiga qaramasdan, o‘nlab, yuzlab xususiy korxonalarning nomlanishi, reklama va pannolardagi yozuvlarda befarqlik namoyon bo‘lmoqda. Bu fikr aytila-aytila siyqasi chiqib ketdi, lekin foydasi bo‘lmadi. Ikkinchidan, bu holat ommaviy axborot vositalari – radio va televideniye orqali eshittiruv va ko‘rsatuvlarda Toshkent shevasida so‘zlashning «barqarorligida» ko‘zga tashlanadi. Bunday hol ko‘pincha ziyoli o‘qituvchilar, ilmiy daraja va unvon egalari bo‘lgan oliy maktab o‘qituvchilari - olimlar tomonidan sodir bo‘lmoqda. Nega shunday?! Bu milliy adabiy tilimizga bepisandlikmi, e’tiborsizlikmi yo manmanlikmi?

Nazarimda, har qaysi radio va telekanal rejissyorlarining birinchi galdagi vazifasi ana shunday holatlarga yo‘l qo‘ydirmaslik emasmi? Telekanalda keyingi paytlarda e’lon qilinayotgan bir yozma da’vatga e’tibor qarataylik:

“Zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlar..... telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘rashlari mumkin”, deyiladi. 30 milliondan ko‘proq aholisi bo‘lgan O‘zbekistonday davlatning markaziy televideniyesida bunday mantiqsiz reklamani qayta-qayta e’lon qilish kulgilimi yo fojiami? Axir, qurbon bo‘lmoq – halok bo‘lmoq ekanligini bilmagan jurnalist yoki matbuot xodimi bo‘lishi mumkin ekan-da. O‘z turmush tarziga, davlat siyosatiga befarq bo‘lgan, uni nomigagina ado etayotgan loqayd elda, barcha sohalarda xato va nuqsonlar bo‘laveradi. Ayniqsa, bunday xato va kamchiliklarga ziyoli va mutaxassislar tomonidan yo‘l qo‘yilishi achinarli. Masalan: Agar “Hadisi sharif” birikmasini “Hadisu sharif” desak, “Buxoroi sharif”ni “Buxoroyu sharif” deyishimiz kerakmi? Shuningdek, oliy o‘quv yurtini oliygoh deymiz, shunday ekan nega maktabni boshlang‘ichgoh, o‘rta maxsus ta’limni o‘rtagoh demaymiz va hokazo.

"Darakchi" gazetasining 2020 yil 41-sonida Respublika bosh prokurori bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan qisqa davr mobaynida (asosan, koronavirus pandemiyasi davrida) davlat pulini o‘marganlar sifatida 1986 nafar mansabdor javobgarlikka tortilgani bayon etiladi. Axir davlat amaldori bo‘lgach, bizning nazarimizda u davlat siyosatini amalga oshiruvchi, ya’ni, korrupsiyaga ham qarshi kurashuvchilar bo‘lishi kerak edi-ku. Nima qilmoq kerak?! Aftidan, jinoyat qiluvchilar mutlaqo qo‘rqmay qo‘yishgan, beobro‘-sharmanda bo‘lish hislari-ku vujudida so‘nib bo‘lgan. Qolaversa, o‘margan mablag‘u boyliklari fosh etilib, jinoiy ish qo‘zg‘alsa, joyini qoplash uchun yetarli darajadan ko‘proq mablag‘lari ham yo‘q emasda ularning. Illo, yetkazilgan zararlar o‘rni qoplansa, sud qilib o‘tirish shart emas degan qarashimiz ham bor, shekilli. Nima qilmoq kerak?! Bu sohada

qonunbuzarlarga ko‘riladigan choralar xususida Yaponiyada qo‘llanadigan usul ancha samarali, fikrimizcha. U yerda yaroqsiz mahsulot ishlab chiqargan ishchi (o‘g‘irlik qilgan emas) yoki ishga kechikib kelgan xodimni ishdan bo‘shatib, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini uning mehnat daftarchasiga yoki u haqdagi tavsifnomaga yozib qo‘yar ekanlar. Endi, bunday xodimni boshqa korxona va tashkilotlarning ishga olishi amrimahol ekanligini tasavvur qilish qiyin emas.

Demoqchimanki, insoniy fazilatlarini yo‘qotgan, iftixori, g‘ururi yo‘q yulg‘ichlarga nisbatan yanada keskinroq, shiddatliroq kurashmoq lozimdir.

Nuriddin Boboqandov.