Iftorlik yoxud davraning to‘ri kimniki?

«Aka, kelishingizda go‘sht olsangiz, iftorlikka ovqat qilardim. Uch kundan beri dadam bilan ayam tuzukroq narsa yegani yo‘q».

Taksida telefonda gaplashayotgan yo‘lovchiga ayol kishi shunday dedi. Yonma-yon o‘tirganimiz uchun ovoz menga aniq eshitildi. Keyin yo‘lovchi javob qaytardi...

- Men ishdan kech chiqaman, pulim ham kam, amallab turinglar. Yaqinda oylik tushadi, hamma kerakli narsalarni olib beraman.

Rosti, yonimdagi kishining puli yo‘q ekan-da, ro‘zador ota-onasiga ul-bul ham ololmayapti, deb afsuslandim. Biroq telefon o‘chishi bilan boshqa birovga qilingan qo‘ng‘iroqdan keyin fikrim butunlay o‘zgardi.

- Assalomu alaykum! Aka, yaxshimisiz, dam olish yaxshi bo‘lyaptimi?

- ... (Javob qaytarildi)

- Bugun boshliqni tug‘ilgan kuni ekan. Shunga iftorlik mening hisobimdan bo‘lyapti. Sovg‘amiz ham bor. Ta’tildasiz, eshitdingizmi-yo‘qmi deb xabar qilyapman. Bugun iftorlikka hamkasblar bilan doim boradigan restoranga kelasizda...

Ochig‘i, holatni kuzatib, gapirmasam bo‘lmadi.

- Aka, bugun uyda iftor bormi yoki oilaviy biror joyga boryapsizlarmi? - deb so‘radim ataylab.

- Bugun boshliqning tug‘ilgan kuni. Hamkasblar bilan o‘tiramiz, shu bahona Ramazon oyi bir iftorlik qilib beray, - deya kekkaygancha javob qaytardi haligi kishi.

Hozirgina ota-onasiga “Go‘sht olishga pulim yo‘q”, degan odamdan bu gaplarni eshitish juda og‘ir botdi. Nahotki odamlar shunchalik tubanlashib ketyapti. Ota-ona farzandi uchun qancha qiyinchiliklarni boshlaridan kechirsa-yu, biz esa... Yana muborak oyda-ya?!.

Menimcha, keyingi paytda qilayotgan amallarimizning aksariyati savob uchun emas, balki o‘z nafsimizni qondirish va dabdababozlik uchun bo‘lyapti. Aksincha bo‘lganda, davralarning to‘ri dunyoning oshu go‘shtini yeb yurgan “kattalar” yoki do‘st-birodarlarniki emas, balki ota-onamiz va muhtoj insonlarniki bo‘lar edi.

Siz nima deysiz?

Fazliddin Ro‘ziboyev.