II Xalqaro baxshichilik festivali ishtirokchilariga
Muhtaram festival qatnashchilari!
Qadrli do‘stlar!
Xonimlar va janoblar!
Barchangizni yangilanayotgan O‘zbekistonimizning kundan-kunga chiroy ochib borayotgan, bag‘rikeng Qoraqalpog‘iston diyorida, go‘zal Nukus shahrida o‘tkazilayotgan II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilishi bilan chin yurakdan muborakbod etaman.
Bugungi san’at bayramida qatnashayotgan YuNESKO, AYSESKO, TURKSOY, MDHning Ijroiya qo‘mitasi, Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi kabi nufuzli tashkilotlardan tashrif buyurgan martabali mehmonlarga, dunyoning turli davlatlaridan kelgan 260 nafardan ziyod xalq ijodiyoti namoyandalari, san’at va madaniyat arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
O‘zbekistonga xush kelibsiz!
Aziz do‘stlar!
Xalq og‘zaki ijodiyotining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan baxshichilik san’ati yuksak gumanizm g‘oyalarini, tinchlik va do‘stlik, adolat va haqiqat kabi ezgu fazilatlarni mahorat bilan tarannum etadi. Shu bois ham, baxshi, oqin va jirovlar azaldan xalq qalbining kuychilari, turli millat va elatlarni birlashtiradigan olijanob insonlar sifatida ardoqlab kelinadi.
Ushbu noyob san’atning umumbashariy ahamiyati Termiz shahrida 2019 yili bo‘lib o‘tgan I Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Men xalq ijodiyotini insoniyatning bolalik qo‘shig‘i, har qaysi milliy madaniyatning hayotbaxsh chashmasi deb bilaman. Bu qo‘shiqlarni sof va bezavol holatda saqlash, hamisha mag‘rur yangrashini ta’minlash barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir.
Bugun o‘z ishini boshlayotgan festivalimiz ayni shunday ezgu maqsadlarimizning amaliy ifodasi ekanini ta’kidlamoqchiman.
Keyingi yillarda biz baxshichilik san’atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu borada fidoyi folklorshunos olimlarimiz boshlagan muhim ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizda 2019 yili tuzilgan Respublika baxshichilik san’ati markazi hamda Baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi samarali faoliyat olib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida davlat ansambllari, boshqa hududlarda esa viloyat ansambllari tashkil etildi.
Yurtimizdagi bolalar musiqa va san’at maktablarida, Nukus shahridagi opera va baxshichilik san’ati maktabida milliy folklor san’ati keng o‘rgatilmoqda. Shuningdek, yaqinda tashkil etilgan Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa instituti tarkibida baxshichilik bo‘limi ochilganini ham qayd etish lozim. Mazkur yo‘nalishda dars berayotgan o‘qituvchilar uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
“O‘zbek xalq dostonlari”, “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” nomli darsliklar, ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plami chop etildi. Shu bilan birga, 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda.
Xalq og‘zaki ijodiyotini keng targ‘ib etish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish, folklor asarlarining audio va video variantlarini ko‘paytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishda olib borilayotgan xayrli ishlarni davom ettirgan holda, milliy baxshichilik san’atini YuNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Qadrli festival ishtirokchilari!
Biz bugungi nufuzli san’at anjumanini ko‘hna va navqiron qoraqalpoq o‘lkasida o‘tkazayotganimiz bejiz emas, albatta.
Qoraqalpog‘iston deganda, avvalo, mardlarga vatan bo‘lgan, mehnatkash va olijanob el yashaydigan betakror diyor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bu zamindagi Tuproqqal’a, Ayozqal’a, Katta Guldursunqal’a, Ellikqal’a kabi noyob obidalar qadimiy sivilizatsiya va madaniyatning tarixiy ildizlaridan dalolat beradi. Ularni bir bora ko‘rgan, bepoyon kengliklarda baxshi va jirovlardan doston va termalar tinglagan inson bu diyorga umrbod maftun bo‘lib qoladi.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan Qoraqalpog‘iston bugungi kunda O‘zbekistonning obod hududlaridan biriga, zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, mana endi, xalqaro baxshichilik san’ati markaziga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
San’at va musiqani chin dildan sevadigan, ijod ahlini yuksak qadrlaydigan qoraqalpoq eli ushbu anjumanni katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Bugungi san’at va nafosat bayramini baland saviyada o‘tkazish uchun astoydil mehnat qilgan barcha-barcha insonlarga, mehmondo‘st Qoraqalpoq ahliga chin yurakdan tashakkur bildiraman.
Qadrli yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar!
Sizlarning ishtirokingizda ochilayotgan ushbu festival dunyodagi nufuzli san’at anjumanlari qatoridan mustahkam o‘rin egallaydi, deb ishonaman.
Festival doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga ham samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, yangi yutuqlar yor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti