IIB xodimi nega itga tosh otdi? Samarqand viloyati IIB axborot xizmati vaziyat yuzasidan izoh berdi (video)

2019 yilning 28 avgust kuni soat 01:30 da Samarqand shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan shaharda bir guruh fuqarolarni it tishlagani haqida shoshilinch xabarnoma kelib tushdi.

Shu xabarga ko‘ra, soat 3:00 da shahar IIB PPXB va JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi  xodimlari  va  it ovlash brigadasi voqea joyiga yetib borib, quturganlikda gumon qilingan itni ushlash choralarini ko‘rgan. Ushbu jarayonda it tadbir ishtirokchisi bo‘lgan ichki ishlar xodimiga ham tashlangan. Shu sababli itni ushlashda zarur choralar ko‘rishga to‘g‘ri kelgan.

Odamlarga tashlangan it ushlangach, shahar veterinariya bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda viloyat veterinariya boshqarmasining  virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda aks etgan it 15 nafar fuqaroga tashlanib, ularga jarohat yetkazgan. Bu fuqarolarning barchasi shifoxonaga yotqizilib, antirabik emlash kursi olib borilmoqda.