IIV avtomobillarning kunduzi chiroq yoqib yurishiga oid tartibiga izoh berdi

Joriy yilning 15 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda "2021 yil 1 yanvardan yana yaqinni yorituvchi chiroq yoqib yuriladi. Qonun kuchga kiradi" sarlavhasi ostidagi ovozli xabar tarqaldi.

Xabar yuzasidan IIV YHXBB quyidagilarni ma’lum qiladi:

"Haqiqatdan ham “Yo‘l harakati qoidalari”ning 138-bandida “Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”ligi belgilangan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyundagi "Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarori 2-bandida 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan.

Ushbu masala yuzasidan IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining o‘z fikr-mulohazalari mavjud bo‘lib, tegishli takliflar tayyorlangan va ushbu yo‘nalishda chora-tadbirlar belgilanmoqda.

O‘ylaymizki, belgilanayotgan chora-tadbirlar xalq manfaatlariga xizmat qiladi".