Ijod – ko‘ngil ishi


Masalan, yaqinda bir fermer yigit tahririyatga keldi. Ikki-uchta daftarni she’rlar bilan to‘ldiribdi. Aytishicha, besh-olti yildan buyon qalam tebratib turarkan. Uyida kichikroq kutubxonasi bo‘lib, muntazam kitob, gazeta-jurnal o‘qib borarkan. Fermer bilan o‘tgan yigirma daqiqalik suhbat asnosida shu narsa oydinlashdiki, uning bilimi nafaqat o‘ziga yetarli, balki binoyidek adabiyot, ijod haqida ham tushunchaga ega. Qolaversa, zamon talabi ham shu.
Yumor, satira doim kishilarni hushyor torttirgan. Badiiy ijodning bu turi bizda qadimdan mavjud bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda nashrlarimizda ancha kamayib ketdi. Xususan, nurobodlik faxriy o‘qituvchi Qayum Turg‘on jo‘natgan turkum she’rlarda jamiyatimizdagi ayrim illatlar tilga olingan. Ayniqsa, "Bir bozor naqli" she’riy feletoni kishini jiddiy mushohadaga undaydi:
Nomim ulug‘: Otang – bozor,
onang – bozorman,
Olgich, sotgich, dallol ko‘nglin yozarman.
Halol, faqir, sof odamlar fuqarom,
Tovlamachi, yulg‘ichlardan bezorman.
Yoki
O‘zim gavjum, katta yo‘l ustidaman,
Mudom qoru, yomg‘ir, do‘l ostidaman.
Rastalarim yozda changu, qishda loy,
Chang-g‘ubordan ozurdadir non shirmoy...
Urgut tumanidan A.Samadovning turkum she’rlarida odamiylik, mehr-muhabbat va ayol ulug‘lanadi. Ayniqsa, ona va ayol timsoliga she’riyatda ko‘plab murojaat bo‘lgani, ammo ularning ta’rif qilib bo‘lmas sifatlari e’tirof etilgan. 
Qo‘shrabot iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Botirbek Omonov ham bir qator mashqlarini jo‘natgan. Qalamkashning yozganlarida yoshlikka xos tuyg‘ular, holatlar ko‘proq tilga olingan. Shuningdek, ishtixonlik Nodira Toshtemirova mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhorning asarlari nomini birma-bir keltirib, she’r bitgan. 
Faol jamoatchilarimizdan biri – Urgut tumani Kamangaron mahallasidan Murod Qurbonzoda ham turkum she’rlarini jo‘natgan. U kishining bitiklarida Vatan taraqqiyoti, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar e’tirof etilgan. 
Jomboy tumani Guliston mahallasidan maktub yo‘llagan O‘lmas Ochilovning mashqlarida odamlarning birdamligi, jamiyatda ustoz-murabbiylarning o‘rni haqida so‘z boradi.
Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on tumanidan Furqat Norqulov "Mening Vatanim", "Ota-ona uchun ne qildik?", Oqdaryo tumanidan Hikmat Elmurodov "Dahbedim", Xudoynazar Abdurahmonov "Go‘zallik", Nurobod tumanidan Mashrab Kulgachov "Ismingni ayt", Urgut tumanidan Akbar Usmonov "Iftixor", Xurram baxshi Eshmurodov esa "O‘zbekistonim" she’rlarini tahririyatga jo‘natishgan.
Urgutlik muallim, xalq ta’limi a’lochisi Mavlon Mamadaminov ham turkum she’rlarini jo‘natgan. Masalan, "Balxi tut" she’rida u shunday yozadi:
Bobomning otasi ekkan balxi tut,
Ko‘chamiz boshida qartayib turar.
O‘tgan-ketganlarga soyabon bo‘lib,
Issiq kunlarda ham chayqalib turar.

Mazkur misralardan anglashiladiki, hayotda qilingan hech bir yaxshi ish izsiz ketmaydi. Ayniqsa, bugun ekilgan niholdan fursat kelib, nabiralaringiz, qolaversa, xalq naf ko‘radi. Ijodkor bu o‘rinda tabiatning hassosligiga ham ishora qilmoqda.
Ishtixonlik ijodkor Otabek O‘roqov esa tilimiz imkoniyatlaridan mohirona foydalanib, kitob haqidagi she’rini yo‘llagan:
Kompyuterlar kerakdir,
kuyganida – keraksiz,
Kecha-kunduz kulbamda
kuymagaydirsan, kitob.
Kamtarlikdan ko‘rinishing
keraksizdek ko‘rinar,
Kasblarning kalitisan,
ko‘pga keraksan, kitob.

Ijod – ko‘ngil ishi, dedik. Muhimi shundaki, inson bu orqali qalbidagini yuzaga chiqaradi va ruhan yengillikka erishadi. O‘z navbatida o‘quvchiga ham estetik zavq beradi. Adabiyotning, ijodning kuchi ham, inson uchun xizmati ham shunda.
.