Ijodda kamtarlik kerak
"Shogirdlar boshini silash barobarida bu inson adabiyotdagi mas’uliyatsizlik, iste’dodsizlikka qarshi tik gapni ayta olardi. Masalaning muhim tomoni shundaki, bunday insonlar ibratini targ‘ib qilsak, bugun Samarqand adabiy muhitida u kishi kabi fidoyilar shakllangan bo‘larmidi...".
Maqolada Samarqandning bugungi adabiy muhitida ana shunday fidoyi insonlarning noyobligi, o‘zi va o‘zgalar ijodiga talabchanlikning pastligi, she’riyatning pokiza dunyosiga dog‘ tushirayotgan madhiyabozliklar, ura-uralar, ruhiy qashshoqliklar haqida so‘z yuritiladi.
Darhaqiqat, ba’zi "ijodkor"lar uskuna ishlab chiqarayotgan konveyer kabi ketma-ket kitob chiqarishga mukkasidan ketyapti. "Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi", deb ayyuhannos solayotganlar ham o‘shalar. Bugun kitob do‘konlari ham ularning asarlari bilan to‘lgan.
Shu o‘rinda, Abdulla Qodiriyning 1926 yilda yozilgan "Yozishg‘uchilarimizga" maqolasidan parcha keltirish joiz: "Yaxshi bilish kerakki, qalam – o‘qlog‘, matbuot – ketmon bozori emas. Yo‘sinsiz ravishda xotirg‘a kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydir. So‘z qolip, fikr uning ichiga qo‘yilg‘an g‘isht bo‘lsin, ko‘bchilik xumdonidan pishib chiqg‘ach, yangi hayot ayvoniga asos bo‘lib yotsin! So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak".
Bir vaqtlar bobolarimiz kitob topishga qiynalishgan. Hozir esa biz kitob tanlashga qiynalyapmiz. Yozilayotgan kitoblar shu qadar ko‘payib ketdiki, mutolaada juda ziyrak bo‘lmoq lozim. Buyuk g‘oyalar va olijanob ehtiroslar manbai bo‘lgan shoh asarlarni, asl kitoblarni o‘qishga odatlanish kerak. Bunday asarlarning qimmati shundaki, ular odamni bama’ni suhbatga, jiddiy va samimiy gapga, mulohazaga ruhlantiradi.
Zafar MAHMUDOV,
Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi direktori.