Kimgadir to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishdan, kimningdir og‘irini yengil qilishdan halovat topgan ijodkor

O‘zbek adabiyoti, san’ati va matbuoti istiqlol yillarida yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Ilhomi jo‘sh urgan talantli ijodkorlar erkinlik shabadasidan bahra ola boshladilar. Ozodlik ruhi va ozod fikr muhiti qalam sohiblarini turli janrlarda ijod namunalarini yaratishga ilhomlantirdi. Nasrda, nazmda, publitsistika va dramaturgiyada xalqning dilidagi gaplar tasvir etila boshlandi. Bu borada yuzlab ijodkorlar qatori samarqandlik adib, shoir va jurnalist Farmon Toshevning g‘ayrat va shijoati katta samara berayotir. Yaqinda taniqli yozuvchining to‘rt jildlik asarlari nashr etilganligi fikrimizning yaqqol dalilidir.

Avvalo, muallifning tarjimai holi xususida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

Farmon Toshev 1954 yilda Paxtachi tumanidagi Qarnab qishlog‘ida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. 2012 yildan buyon viloyat “Zarafshon” hamda “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri vazifasini ado etmoqda. Ayni paytda jamoat ishlarida ham faol. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida ijtimoiy hayotda tashabbuskorlik va jonbozlik ko‘rsatib kelyapti.

”Mehnat shuhrati” (2003) va “El-yurt hurmati”(2013) ordenlari sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2022). Muallifning shu kungacha o‘ttizdan ortiq turli janrlardagi to‘plamlari nashr etilgan. Qisqasi, salkam ellik yildan beri badiiy ijod va matbuot sohasida javlon urmoqda. 

Adibning hayoti va faoliyatiga doir fikr yuritishdan maqsad yozuvchi va shoir hamisha qaynoq hayot ichida bo‘lishi zarurligini qayd etish, asarlari ham zamondoshlar amalga oshirayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining in’ikosi ekanligini alohida ta’kidlashdir. Sizga yaxshi ayonki, hayotni, bugungi turmush hodisalarini chuqur o‘rgangan adibning ijodi haqqoniyligiga hamda xalqchilligiga erishiladi.

Bu fikrimizni Farmon Toshev “Saylanma”sining birinchi jildiga kiritilgan qissa va hikoyalardan ham anglash qiyin emas. Ayniqsa, “Mezon” qissasidagi tasvir tabiiyligi sizni rom etadi: ”Nigora vaziyatni sal bo‘lsa-da yumshatish maqsadida kechasi yaxshi uxlamaganligi silqib qolgan qovoqlariyu kirtaygan ko‘zlaridan sezilib turgan eriga biroz yaqin keldi. Asabiylashayotganligi yuz-ko‘zidan ko‘rinib turgan eriga razm solib, ichidan zil ketdi. Bir kechada qarilik alomatlari bilinib qolgandi. Iyagi atrofidagi ajinlar, ikki chakkasidagi sochlari, tikandek bo‘rtib qolgan soqolidagi oqlar yanada ko‘paygandek. Gavdasi ham xiyol bukchayib, yelkasi chiqib qolganday ko‘rindi. Ilgari e’tibor qilmagan ekan-a. Beixtiyor ko‘ziga kelgan yoshni zimdan artib, erini ko‘rolmagan hasadgo‘ylarni ichida qarg‘adi”. 

Asar bosh qahramoni Shuhrat Akramovich xarakteriga xos jihatlar mahorat bilan tasvirlangan. Yozuvchi obraz mohiyatini oydinlashtirish uchun turli-tuman tasviriy vositalardan ustalik bilan foydalangan.

Ijodkorning “Yo‘l” qissasida ham personajlarning xatti–harakatlari va dialoglar obrazlar mohiyatini oydinlashtirishga yo‘naltirilgan. Taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad yozuvchi ijodiga xos jihatlarni quyidagicha izohlagan: ”Badiiy tasvir uslublarining xilma-xilligi hayratga soladi kishini - bamisoli ularning bari kitobxon xalqining dunyoqarashi, qiziqishlari, did va mayllarining xilma-xilligiga mutanosib darajada yaratilgandek. Adabiyot ilmi dunyosida mavjud bo‘lgan har bir usul-uslubning o‘ziga yarasha ta’rif-tavsifidan so‘z ochilsa, asti qo‘yaverasiz, gap, mulohaza, munozara tugamaydi. Taniqli adibimiz Farmon Toshev esa lo‘ndasiga ko‘chgan-qo‘ygan. Qo‘lingizdagi kitob uydirmalardan xoli, qahramonlari ham to‘qima bo‘lmay, siz bilan yonma-yon yashayotgan yurtdoshlarimiz hayotidan olingan.

Farmon Toshev bu borada ozmuncha... ko‘ylak kiymagan! Qalami o‘tkir publitsist, so‘zi nozik shoir, dramaturg va donishmand nosir, davlat va jamoat arbobi sifatida o‘z hayotiy kuzatishlari, o‘y-mulohazalari, hukm-xulosalarini qator-qator asarlariga, kitoblariga sig‘dirolmasligi juda-juda tabiiy. Qo‘limizdagi jilddan o‘rin olgan qissalar va hikoyalar fikrimizga yaqqol tasdiq vazifasini o‘taydi. Bu mulohazalar atoqli adibning Farmon Toshev hayoti va qaynoq ijodi, o‘nlab asarlari haqidagi kuzatishlari, e’tirofi ekanligini alohida ta’kidlash zarur.   

Shuningdek, tanlangan asarlarning birinchi jildidan adibning o‘n beshta hikoyasi o‘rin olgan. Ularda bugungi kun qahramonlarining hayotiga oid qiziqarli syujetlar qalamga olinganligi diqqatingizni jalb etadi.

Sanam, sevging surur solg‘ay sahar sohir sabolarda,

Saodat sehrimu sarkash sarafrozdur sadolarda.

Sabr sundim sevib sokin, sinov-la siyladi sayyod,

Saodat siyratin sozlar sabuhiy sas-safolarda.

So‘lim soylar, sabohatli surudlar sirli, sarvarli,

Sadoqat so‘zlari sayron “So‘lim”, “Segoh” satolarda.

Sevildim, sevgi savtidan siym serzavq, siym sershavq,

Sog‘inchlarga sig‘ingusi sevishganlar samolarda.

Yuqoridagi ehtiros bilan yo‘g‘rilgan go‘zal satrlar Farmon Toshev “Saylanma”si ikkinchi jildining dastlabki sahifalaridan joy olganligi bejiz emas. Unda shoir tuyg‘ulari, sevgi iztiroblari va dilini o‘rtayotgan dardu alamlar g‘azal janrida o‘z ifodasini topgan. 

Sizga yaxshi ayonki, devon yaratish har qanday ijodkorning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buni tirikligidayoq devon tuzish saodati nasib etgan Muhammad Shayboniyxon g‘azallarini o‘qiganimda yana bir karra his etganman. Qariyb besh yuz sahifani egallagan Farmon Toshev devonidagi turli janr, tur va uslublarga mansub asarlar uning she’riy kitob yaratish mahorati tobora oshib borayotganligidan dalolat beradi.

                                    Tuyg‘ular kuyadi

                                                       ishqning taftida,

                                    Sog‘inch sahrosida

                                                       hijron hansirar.

                                    Tongotar ufqqa

                                                       bosh qo‘yar umid,

                                   Zangori sevgidan

                                                       panoh topsa gar.

Sevgi tuyg‘usini tashbehlar va simvollar orqali bunday tasvir etish ijodkor mahoratidan dalolat beradi. U muhabbatning iztiroblarini hissiz, hayajonsiz bayon etmaydi, balki dilini o‘rtayotgan adoqsiz va tizginsiz hissiyotlarni ilhom va ehtiros ila qog‘ozga tushiradi.

Shuningdek, bu jilddan shoirning hajviy she’rlari ham joy olgan. Ularda turli voqea-hodisalar va inson tabiatidagi salbiy jihatlar gohida yumor, ba’zan satirik ruhda qalamga olingan.

“Saylanma”ning to‘rtinchi jildiga taniqli adib publitsistikasi va dramalari jamlangan. Yozuvchi ijodi haqida iliq fikrlar bildirgan tajribali va taniqli publitsistlardan biri Ahmadjon Meliboyevning mulohazalari adib ijodiga berilgan yuksak bahodir: “Farmon Toshev hamisha el ichida, yurt sha’ni va g‘ururi qayg‘usida yashaydi. Kimgadir to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishdan, kimningdir og‘irini yengil qilishdan halovat topadi. Topgan-tutganlarini kitoblariga jo qilib, yoshlarga uzatadi. ”Zarafshon zarvaraqlari” butun mamlakatga yoyiladi. Murakkab vaziyatlarda o‘zini ijodkor, mas’ul lavozim egasi sifatida erkin va dadil tutadi. Katta davralarda, kichikroq yig‘inlarda, bahsli vaziyatlarda aytadigan so‘zi va fikri bor. Kuzatuvda, tahlilda peshqadam. U bunday darajaga rosa ellik yillik zahmatli mehnati, izlanishi bois erishdi. Erishgan yutuqlariga bevosita guvoh bo‘lganimdan xursandman”. Taniqli yozuvchi, shoir, dramaturg, publitsist Farmon Toshev ijodi xususida bundan oshirib fikr bildirish mushkul.

Tanlangan asarlarning so‘nggi jildidan ijodkorning beshta dramatik asari ham o‘rin olgan. Ularning aksariyati dramaturgiya janri talablari asosida yaratilganligi tufayli teatr sahnalarida namoyish etilishi tabiiy. Ayniqsa, “Bahodir Yalangto‘sh” dramasidagi konflikt, dialoglar, dramatizm asar g‘oyasini ochishda katta rol o‘ynagan.

Sermazmun umr va barakali ijod yo‘lining yetmishinchi dovonidan oshgan iste’dodli yozuvchi, talantli shoir, mahoratli publitsist Farmon Toshevga yanada barkamol asarlar yaratish saodati nasib etsin, deymiz.

Jovli Xushboqov,

O‘zA.