Ijodiy uchrashuvlar ijodkorlarni tarbiyalaydi

Nurobod tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabida atrof hududdagi bir necha mahalla bolalari ta’lim-tarbiya oladi. Keyingi yillarda maktabda tarbiya va ta’lim sohasida bir qancha sustkashliklarga yo‘l qo‘yildi.

Ammo mana qariyb bir yildirki maktabimiz tumanda yetakchi o‘quv dargohiga aylanib bormoqda. Bunga sabab 2022 yilning mart oyida maktabimizga Navoiy shahridan Dilafro‘z Hayitovaning direktor bo‘lib ishga tayinlangani bo‘ldi.

Navoiy viloyatidan kelgan direktor maktabda ish boshlagach, ta’lim-tarbiya sohasi ijobiy tomonga o‘zgardi. Yosh rahbarning qat’iy intizom va talabchanligi tezda samara bera boshladi. 2022-o‘quv yilida 20 nafar bitiruvchimiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Viloyat hokimi mukofoti uchun 10-sinflar o‘rtasida informatika fanidan o‘tkazilgan musobaqada o‘quvchilarimiz - Dilnura Beknazarova 1-o‘rinni, Ruxshona Egamberdiyeva esa 3-o‘rinni egalladi.

Viloyat miqyosidagi musobaqada bir maktabdan ikki nafar o‘quvchining asosiy o‘rinlarni qo‘lga kiritishi juda quvonarli hol. Bu o‘quv dargohida ta’lim-tarbiya sohasida jiddiy ishlar olib borilayotganidan darak beradi.
Shuningdek, “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida Sevinch Ovg‘onova birinchi o‘rinni egallab, maktab sharafini himoya qildi.
Bundan tashqari, maktab rahbariyati adibu shoirlarni taklif etib, ilmiy-ijodiy uchrashuvlar tashkil etadi. Bu kabi ijodiy davra suhbatlari yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta.

Eshquvvat Eshnayev,
Nurobod tumani 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi targ‘ibotchisi.