Ijtimoiy himoya uch barobar ko‘paytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Xolmurodov Bulung‘ur tumanida tuman faollari va saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda hudud faollari, tuman Kengashi deputatlari, faxriylar, tadbirkorlar, xotin-qizlar va yoshlar, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning hayoti, mehnat faoliyati, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish va qo‘shimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni og‘ir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlarni joriy etish yo‘nalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Lekin ijtimoiy himoya faqat pul berish bilan cheklanib qolishi kerak emas. O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev aslida bu tizimning vazifasi aholini og‘ir ahvoldan chiqarish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi uchun ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun o‘z saylovoldi dasturida bir qator yechimlarni taklif etmoqda.
Xususan, har bir mahallada professional ijtimoiy xizmatlar manzilli asosda ko‘rsatish, tumanlarda ijtimoiy xizmatlar markazlari, psixolog, huquqshunos, ijtimoiy xodimdan iborat “mobil guruhlar”, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “koll-markaz”lar tashkil etiladi. “Ijtimoiy himoya” milliy agentligi tashkil etilib, nogironlarning ijtimoiy himoyasi uch barobarga ko‘paytirish hamda nuroniylarni har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, shifoxona va sihatgohlarda davolanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil barchani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.