Ijtimoiy reyestrdagi bemorlar bepul operatsiya qilinadi

Ramazon oyi munosabati bilan viloyatimizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj 767 nafar fuqaroda yuqori texnologik tibbiy muolajalar o‘tkazilishi rejalashtirildi. Bu fuqarolar ro‘yxati tuman (shahar) hokimliklari, mahalliy Kengashlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarmasi va bo‘limlari, tibbiy muassasalar tavsiyasi asosida shakllantirildi.

– Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida bu muqaddas oyni “Ramazon - mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi”, degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazish, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash belgilangan, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Jumladan, ijtimoiy himoya milliy reyestriga kiritilgan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga muhtoj bemorlarga ushbu muborak oyda zarur tibbiy yordam ko‘rsatib, ularni sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda dastlabki bosqichda 112 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirilib, 111 nafari order olish uchun MISS SSV elektron dasturiga kiritildi, vaucherlar tarqatildi. Rejalashtirilgan barcha amaliyotlar viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti bolalar xirurgiyasi markazi, respublika ixtisoslashgan tibbiy markazlarning viloyatimizdagi filiallarida bajariladi. Bugungi kungacha 16 nafar bemor tibbiy muassasalarga joylashtirilib, ularga davo muolajalari boshlandi. 3 nafar bemor respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida davolanib, salomatligini tikladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ro‘yxati shakllantirilgan 112 nafar bemorning davolanishi uchun 2,3 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi va bu mablag‘ “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan to‘lab beriladi.

Viloyat bo‘yicha 767 nafar bemorda yuqori texnologik tibbiy muolajalarni joriy yilning fevral, mart va aprel oylariga o‘tkazish mo‘ljallangan.