Ijtimoiy sheriklik: Kattalar ta’limi va o‘qishi nimalarni ko‘zda tutadi?

Samarqandda o‘tkazilgan "O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun kattalar ta’limi va o‘qishida o‘rganuvchi xududlar va innovatsiyalarni yaratish" festivali o‘z ichiga fotoko‘rgazma, hunarmandchilik mahsulotlari namoyishlari, mahorat saboqlari, erkin munozaralarni o‘z ichiga oldi. "Sabr" Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va DVVning O‘zbekistondagi filiali (DVV International– Germaniya Davlat universitetlarining xalqaro hamkorlik bo‘yicha instituti) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi mehnat bozori tadqiqotlari instituti, Samarqand viloyat hokimligi tashkilotchiligida o‘tkazilayotgan anjumanda nafaqat mamlakatimiz, balki xorijdan ham sohaga tegishli vakillar ishtirok etdi.

Xususan, mamlakatimiz hamda Germaniya Federativ Respublikasi, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalaridan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, nodavlat notijorat tashkiloti vakillari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etdi.

Kattalar ta’limi va o‘qishi nimalarni ko‘zda tutadi, ushbu jarayon mamlakatimizda nechog‘lik yo‘lga qo‘yilgan? Ishsiz aholini maqsadli o‘qitish samaralari va bunda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni qanday bo‘lmoqda? Bu masalada “Sabr”  Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazining davlat tashkilotlari bilan hamkorligi qanday kechmoqda?

Festival avvalida ishtirokchilarni qutlash uchun so‘zga chiqqan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov shu masalalar yuzasidan fikr bildirdi.

Anjuman avvalida ishtirokchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda “Sabr” tomonidan tashkil etilgan mahalliy rivojlantirish markazlarida tahsil olganlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Aytish kerakki, unda xorazmcha kichik hajmdagi tandirdan tortib, charmdan tayyorlangan turli buyumlar, surxoncha uslubdagi kiyim-kechaklaru, daraxtdan ishlangan ro‘zg‘or anjomlari va boshqa, bugun allaqachon hatto chet elliklar xaridoriga aylangan buyumlar namoyish etildi.

-“Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazi qishloq aholisining kam ta’minlangan qatlamlari bilan ishlash bo‘yicha yigirma olti yillik ish tajribasiga ega, - deydi markaz rahbari Mavluda Shirinova. - Biz faoliyatimiz davomida, xususan, keyingi 6 yil mobaynida mamlakatimizning qishloq hududlarida yashovchi 8 mingdan ortiq ayollar va yoshlarni 22 turdagi kasb yo‘nalishida malakasini oshirdi. Ularning 5 ming nafari ish bilan ta’minlandi yoki mehnat bilan band. Hunar o‘rgangan xotin-qizlarga “Sabr” mikromoliya tashkiloti tomonidan 7,5 milliard so‘m miqdorida mikrokredit taqdim etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlardagi NNTlar bilan hamkorlikda mahalliy rivojlantirish markazlari tashkil etildi.  DVVning O‘zbekistondagi filiali (DVV International) ko‘magida tashkil etilgan mazkur markazlar faoliyati uchun 160 dan ortiq murabbiy va trenerlar tayyorlandi. Shuningdek, mahalliy va xalqaro hamkorlar bilan Hayot davomida ta’lim olish Global strategiyasini amalga oshirishda ishtirok etmoqda.

Festival davomida nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat boshqaruv organlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirokida, sohaga doir qonunchilik, hayot davomida ta’lim olishni rivojlantirish samaralar va boshqa mavzularda shu’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Festivalning ikkinchi kunidan Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi qoshida tashkil etilgan mahalliy rivojlantirish markazlarida kasb-hunarga o‘qitilayotgan ishtirokchilarga xorij va poytaxtdan tashrif buyurgan mahoratli kasb ustalari mashg‘ulot o‘tib berishdi.

Gulruh MO‘MINOVA.