Ijtimoiy tarmoqlarda soxta axborotdan rostakamini ajratib bo‘lmay qoldi(mi?)

Raqamli texnologiyalar turmushimizning ajralmas qismiga aylangan bugungi davrda axborotlar inson ongiga tez ta’sir qiluvchi kuchga aylandi. Bugun har kim telefonini ochib, xohlagan ma’lumotni bir necha soniyada olishi, boshqalar bilan ulashishi mumkin. Ammo shu qulaylik ortida jiddiy tahdid — soxta xabarlar ham yashirin berilyaptiki, birgina yolg‘on ma’lumot butun jamoatchilikning fikrini o‘zgartirishi, ijtimoiy beqarorlikni yuzaga keltirishi hech gap emas.

Odatda ijtimoiy tarmoqlardagi postlar video, mem yoki anonim kanallar orqali tarqaladi. Ko‘p hollarda soxta xabarlar hissiyotga ta’sir qiladigan, shov-shuvli yoki qo‘rquv uyg‘otuvchi tarzda yoziladi. Oqibatda odamlar uni tekshirmasdan ulashadi va “feyk” (yolg‘on) xabarlar juda tez ommalashadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson o‘z fikri, dunyoqarashiga mos keladigan ma’lumotlarga ishonadi. Kimdir biror mavzuda o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlovchi xabarni ko‘rsa, uni haqiqat deb qabul qiladi. Aksariyat foydalanuvchilar esa axborot manbasiga e’tibor ham bermaydi. “Telegramda chiqdi”, “Instagramda ko‘rdim”, degan gaplarni ishonchli manba deb o‘ylaydi.

“Feyk”lar jamiyatda bir nechta salbiy oqibatlarni olib keladi. Kishilarda vahima, tushkunlik keltirib chiqaradi. Jumladan, oziq-ovqat narxlari oshgani yoki yangi kasallik chiqqani haqidagi yolg‘on xabarlar odamlarni sarosimaga soladi. Hatto fuqarolar ommaviy axborot vositalari yoki rasmiy idoralar tarqatgan xabarlarga ishonmay qo‘yadi. Ayrim hollarda “feyk”lar millatlararo, diniy yoki siyosiy keskinlikni kuchaytiradi.

Masalan, 2025 yil 25 fevralda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda aholidan noqonuniy ravishda katta miqdorda pul yechib olingan. Balansingizni tekshiring — pullar qaytariladi”, degan xabar tarqaldi. Ushbu postlar Telegram va Facyebookdagi bir necha kanallar orqali tez tarqalib, odamlar orasida vahima paydo qildi. Ba’zi fuqarolar banklarga yugurib, naqd pul olishga harakat qildi. Rasmiy idoralar bu xabarni rad etdi.

Bunday soxta axborotlarga qarshi kurashda eng muhimi, axborot madaniyatini shakllantirish. Har bir foydalanuvchi quyidagi oddiy, ammo muhim qoidalarga amal qilishi lozim:

- xabarni ulashishdan oldin manbasini tekshirish;

- shubhali ma’lumotni rasmiy saytlar yoki ishonchli OAV bilan solishtirish;

- sarlavhasi haddan tashqari “shov-shuvli” bo‘lgan postlarga ishonmaslik;

- yoshlarda media savodxonlikni rivojlantirish.

Shuningdek, davlat darajasida Faktcheking markazlari faoliyatini kengaytirish, jurnalistik etikani mustahkamlash va axborot xavfsizligini ta’minlashni kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Shuning uchun axborotni tekshirib, faqat ishonchli manbadan foydalanish zamonaviy insonning eng muhim odatlaridan biri bo‘lishi kerak. Chunki haqiqatni himoya qilish — bu nafaqat jurnalistlarning, balki har bir ongli fuqaroning vazifasidir.

Sevara MAMADIYoROVA,

SamDChTI o‘qituvchisi.