Ijtimoiy tarmoqlarda soxta kanallar ochib, firibgarlik bilan odamlarni chuv tushirib kelgan shaxslar ushlandi

Samarqand viloyati IIBga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, firibgarlik qurboni bo‘lganini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, u ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan dala hovlini ijaraga olish uchun 1,5 mln so‘m pulni plastik kartaga oldindan tashlab bergan.

Shundan so‘ng, dala hovli ijarachisi bilan bog‘lanishni imkoni bo‘lmagan. Pullarni o‘zlashtirgan noma’lum shaxs esa ushbu fuqaro qo‘l telefonini qora ro‘yxatga kiritib, o‘z telegram raqamini ham o‘chirib qo‘ygan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlaridan so‘ng firibgarlarning kimligi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, fuqaro do‘stlari bilan til biriktirib, "Samarqand arenda dacha" nomli soxta nomlar ostida e’lonlar joylashtirib kelgan.

Ushbu shaxslar yana boshqa bir qancha soxta akkauntlar ochib, fuqarolarni chuv tushirib yurgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.