Ijtimoiy tarmoqlardagi "dono"lik ko‘ngil og‘ritmasin...

Yaqinda shifokor do‘stim bilan suhbatlashib qoldim. Tajribali vrach, fan nomzodi, bermorlarning ham, hamkasblarining ham izzatidagi inson. Xullas, u ko‘nglini yorib qoldi.

- Bilasizmi, kecha bir tanishim telegram orqali qo‘shni viloyatning bir tumanida vrach aybi bilan og‘ir ahvolga tushib qolgan bemor holati ko‘rsatilgan materialni tashlab  berdi.

-  Ha, endi ijtimoiy tarmoqda bunday materiallar ko‘p-da, ta’sir qilgan bo‘lsa, tashlagan-da...

-  Siz ham shunaqa fikrdamisiz?

-  Qanaqa fikrda? - hayron bo‘lib so‘radim.

-  Har kim o‘ziga yoqqan yoki yoqmagan postlarni boshqalarga tashlayverishi yaxshi holatmi? Ochig‘i, menga og‘ir botdi tanishimning bu ishi. Chunki men kasbimga xiyonat qilgan odam emasman. Kasbimizga oid barcha materiallarni, yangiliklarni, hatto salbiy holatlar haqidagi videolarni ham kuzatib boraman, munosabat bildiraman. Lekin... bu tanishim yuborgan lavhani o‘zimga nisbatan piching, kinoya, deb bildim. Meni yaxshi bila turib, shu ishni qildi. Har qancha ta’sirli voqea bo‘lsa ham, kimga nima yuborishni bilish kerak-da...

Shifokor do‘stimni gaplarini eshitib, uning dili og‘riganini his qildim.

Xuddi shunday bir holatga sal oldinroq ham duch kelgandim. Ziyoli akamiz telegramiga tanishlaridan juda ko‘p diniy materiallar kelayotganidan nolidi. Gap ulug‘larimizning e’tiqod, islom farzlari haqidagi hadis yoki ibratli iboralari emas, balki turli suratlar, chizmalar bilan bezalgan jo‘n nasihatlar ustida bormoqda.

- Men namozxonman, ko‘p vaqtimni kitob o‘qishga sarflayman, ammo kelayotgan pandu o‘gitlar asabimga tegadi. Agar biror suratli postning ostida "Yaqinlaringizga ham yuboring, savob bo‘ladi" degan yozuv bo‘lsa bas, duch kelgan telefonga tashlayverishadi.

-  Har xil saviyali odamlar bor-da...

-  Yo‘q, birodar, unday o‘ylamaslik kerak, ayrim bekorchilar, kitob o‘qimaydiganlar buni odat, aniqrog‘i, ermak qilib olishgan. Tag‘in shu islomiy nasihatlar yoniga boshqa tillarda yozilgan duolarni ham jo‘natadi. Vaholanki, uning mazmunini o‘zlari ham tushunmaydi.

Birodarimning mulohazalari meni o‘ylantirib qo‘ydi. To‘g‘risi, o‘zimga ham bu xildagi xabarlar keladi, hatto saytimizda qo‘ygan ma’lumotni boshqa yerdan olib, o‘zimga tashlab, suyunchi so‘ragandek bo‘lishadi.

Ijtimoiy tarmoq ko‘p jihatdan qulay, albatta. Xabarlarni o‘z vaqtida yetkazadi. Biroq unga mukkasidan ketganlar borki, ko‘ziga qaysi lavha yaxshi ko‘rinsa, uni darhol tanishlariga tashlashga harakat qiladi. Bu esa, ba’zida, o‘sha voqeadan allaqachon xabardor kishilarning g‘ashiga tegishi mumkin.

Internetdagi lavha va postlardan har kim o‘zicha, o‘z didiga yarasha xulosa chiqaradi. Shu sababli bunday materiallarni baham ko‘rishda ozroq ehtiyot bo‘lishimiz kerakka o‘xshaydi. Donolik qilaman, deb yaqin odamimizning ko‘nglini og‘ritib qo‘ymaylik.

So‘zimning oxirida o‘zim anglagan bir haqiqatni baham ko‘rmoqchiman:

"Ezmalik, bu faqat ko‘p gapirishgina emas, mavridsiz holda berilgan oddiy salomingiz ham ehtiyoji yo‘q kishiga ezmalik bo‘lib  tuyuladi".

Farmon Toshev.