“Ikki bolam bilan tul qolsamda, davlatdan yordam so‘raganim jo‘q”
Dongdor brigadir, deputat, 95 yoshli onaxon hozir ham kitob o‘qiydi, tomorqada ishlaydi.
Mutolaani kanda qilmaydigan onaxonning hayot yo‘li ba’zi asarlar qahramonlarinikidan-da murakkab kechgan. Ayaning beda o‘rayotganini ko‘rib bir ajablansak, yoshligida, paxta dalalarida ko‘rgan kechmishlarini eshitib, yanada hayratlandik.Past Darg‘om tumani Katta Nayman mahallasida istiqomat qiluvchi Salomat Amirova boshidan o‘tkazganlarini xotirlab, mubolag‘a, qo‘shmay-chatmay gapirib berdiki, beixtiyor tarixiy asar o‘qiyotganday goh zavqlandik, goh yig‘ladik.Aya shunchaki dehqon bo‘lmagan, ilg‘orligi butun respublikaga mashhur, ish tajribasi o‘rnak brigadir edi.
14 yoshimda tabelchi bo‘ldim
- Biz har yili sinfimiz bilan yig‘lab, maktab o‘qituvchimizni urushga kuzatardik. Yaqinlarimiz yetmagandek, o‘qituvchimizning ham urushga ketishi shunchalik og‘ir botardiki, ancha payt o‘zimizga kelolmasdik, - deya xotirlaydi Salomat aya. – O‘qishimiz naridan-beri bo‘lib qolardi ba’zan. Qornimiz och, ustimiz yupun bo‘lsayam bor kuchimiz, zehnimiz bilan o‘qirdik.
Ishchi kuchi yetishmasdi, biz, bolalar ham dalada mehnat qilardik. Xat-savodim yaxshi bo‘lgani uchun 14 yoshimda meni tabelchi qilib qo‘yishdi. Epladim, xato qilmay ishladim. O‘sha yillari qishlog‘imizga turli millat vakillari evakuatsiya qilingandi. Rus tilini oz-moz bilganim sabab ularning mehnatini ham hisob-kitob qilib, til topishib ishladik.
Bolaligimiz o‘g‘irlangan edi - erta tongdan qora tungacha mehnat, mehnat, mehnat...
Biron eshikka yordam so‘rab bormadim
1948 yilda turmushga chiqdim. 1949 yilda to‘ng‘ichim Azamat dunyoga keldi. 1953 yilda Shermamat tug‘ildi. Afsuski, o‘sha yili turmush o‘rtog‘im Ro‘zi Jo‘rayev urushdan orttirib kelgan kasali tufayli bu olamdan ko‘z yumdi. Uyda qari qaynonam, yosh qaynilarim, ikki farzandim... Bittagina tovuq bor. Ahvolimiz yanayam og‘irlashdi. Bolaga qarashga kim menga vaqt, imkon berardi, deysiz. Yana dalaga chiqib ketdim.
Erta sahar chiqib ketaman, bolalarim uxlab yotgan bo‘ladi, yarim kechasi holdan toyib kelaman, ular shirin uyquda bo‘ladi. Bolalarimni to‘yib erkalata olmaydigan ona bo‘ldima, deya ko‘nglim o‘ksiydi. Bolalarimga keyinchalik singlim qaray boshladi. Ikki bola bilan beva qoldim, lekin menga yordam beringlar, deb hech bir eshikka bosh suqmadim, faqat mehnat qilaveribman...
Oyog‘imdan kirza etik tushmadi
Brigadir bo‘lganimdan so‘ng daladan chiqolmay qoldim. Hayotim paxtazorga aylandi. Paxta juda injiq o‘simlik, doim qarovni, parvarishni talab qiladi. Tashlab qo‘ysangiz, hosilning cho‘g‘i pasayib ketadi.
Ba’zida turli hasharotlar o‘simlikka zarar yetkazsa, goh ob-havo noqulay kelishi pand berardi. Gohida suv kelishi muammo bo‘lar, viloyatgacha borib, “suv berasizlarmi yo‘qmi”, deb kattalar bilan tortishgan vaqtlarim bo‘lgan. Brigadamda paxta rejasi doim bajarilar, boshqa joylarda tajribamizni o‘rganishga kelishardi. Tekshiruvchilar ham ko‘p edi. Shunday paytlar etak ko‘tarib, daladan chiqib kelsam, ko‘pchiligi hayron qolardi. Keyin bilsam, boshqa brigadlar komissiyaga choy-poy qilarmish. Men bunaqa narsalarni xayolimgayam keltirmaganman.
29 yoshimdan boshlab brigadirlik qilgan bo‘lsam, hech qachon chetda nazoratchilik qilib o‘tirmadim, odamlar ishga chiqishdan bir soat oldin, ular ketgach, yana ishlardim. Oyog‘imda mudom kirza etik, egnimda chit ko‘ylak. Dehqon ilmini zo‘r tushunadigan, mehnatni qadrlaydigan raislar ham bo‘ldi, umuman yerni tushunmaydiganlarniyam ko‘rdik. Shunchaki, mehnatning o‘zi bo‘lmasdi, paxtang, dalang uchun rahbarlar bilan talashib-tortishishga to‘g‘ri kelardi.
Suv kelishini kutib, kechasi bilan poylab chiqqan vaqtlarimiz bo‘lgan. Bir sutkada 2-3 soatgina uxlardik. Eh, odamni joni temirdanmikan-a, nimalarga chidamadig-a. Bir kun qarasam, traktorda terilayotgan paxta orasida kesak ketyapti, ulovda nosozlik bor ekan. Xullas, har kun ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak. Bir yoqda yo‘qchilik, odamlar och, ammo erta-yu kech tinmaslikka majbur.
Bir dona cho‘pgayam xiyonat qilmadim
Salomat aya o‘tgan kunlarni gapirib berayapti-yu, yonida ikki nafar o‘g‘li –73 yoshli Azamat bobo, kenjatoyi - el e’zozidagi shifokor Shermamat ota Ro‘ziyevlar enasi yonida qo‘l qovushtirib o‘tirishlarini ko‘rish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Qizig‘i, ular onalarining so‘zini bo‘lmas, biror qo‘shimcha qilmoqchi bo‘lsa, onaxonning bir nigohi ularning yana sukut saqlab u kishining fikrlarini tinglashda davom etishi uchun yetarli edi.
- 60-yillarga kelibgina odamlarning qorni to‘ya boshladi, - deya fikrini davom ettiradi aya. - Lekin ust-boshiga qarashga hamon imkon yo‘q edi. Bir necha marta Oliy Sovet deputatligiga saylandim. Hukumatning qator nishonlarini oldim, “Lenin” ordeni ham berishdi. Lekin chekkan azoblarimizni har eslaganda ingrab yuboramizda. Bolalarimga ovqat pishirib berishga vaqt topmasdim. Singlim rahmatli baraka topsin, o‘g‘illarimga o‘zining sakkiz farzandi bilan teng qaradi.
Davlatning bir dona cho‘piga ham xiyonat qilmadim, faqat ishladim.
“Zarbdor” kunlar o‘tib ketdi, ona...
- Onamning bo‘sh o‘tirganini hech qachon ko‘rmaganmiz, - deydi ayaning to‘ng‘ich o‘g‘li Azamat ota. – Hatto hozir, shu yoshlarida ham bekor o‘tirmaydi. Goh kitob o‘qiydi, goh evaralariga qaraydi, goh tomorqaga kirib ketadi. Kitobni ko‘zoynaksiz mutolaa qiladi, bizga ham o‘qiyotgan asarlari mazmunini aytib beradi.
Ko‘pincha qo‘lida o‘roq bilan ko‘raman. “Zarbdor” kunlar o‘tib ketdi, ona, o‘rog‘ingizni tashlang endi”, deyman hazillashib. Nazarimda, onam hamon o‘zining 95 dan oshganlariga ishonmasa kerak.
Shukur, onam bizni bir o‘zi katta qilgan bo‘lsalar-da, faqat halollikka o‘rgatdi, ikkimizni ham oliy ma’lumotli qildi. Onamning tarbiyasini olganimiz uchunmi, qayerda ishlamaylik avvalo, to‘g‘rilik asosiy mayog‘imiz bo‘ldi. Shukur, onam bilan ulug‘ Haj ziyoratini amalga oshirish nasib etdi. Bular - onamning mehnati mukofoti, deb bilaman.
Atlas ko‘ylak kiymagan brigad
- Ko‘pchilik onamning uzoq umr ko‘rishi, hozir ham tetikligi, ko‘zoynaksiz kitob o‘qib o‘tirishiga havas qiladi. Buning siri nimada deb so‘rashadi, - deydi ayaning o‘g‘li Shermamat bobo. – Men ham shifokor, ham onamning o‘g‘li sifatida kuzatganlarim ichida bir fikrni ko‘pchilik qarindoshlarim ham tasdiqlaydi. Onam hech qachon ko‘nglida gina saqlamaydi. Keyin o‘ziga yomonlik qilgan odamning ham yaxshi tomoni haqida gapirishga harakat qiladi. Onamning birov haqida yomon gap aytganlarini hech qachon eshitmaganman. Bir uy odam biron kishi haqida yomon fikr bildirsa-da, onam albatta o‘sha insonning yaxshi xislatini aytib, odamlarning fikrini o‘zgartirishga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugun u kishi shu yoshida ham tetik. Psixologiyada ham shu tushuncha bor – ko‘nglingda yomon xayol, yukni olib yurma, o‘zingga qiyin bo‘ladi.
Yana bir tomoni, onam mudom halol yashadi. Egnidan chit ko‘ylak tushmadi. Yoshligida atlas kiyishi mumkin edi, harholda brigadlar o‘sha paytlar yig‘ilishlarga atlas kiygan. Ammo onam, men bevaman, deb o‘zlariga buni ep ko‘rmagan. Biz ulg‘ayib, kasb-korli bo‘lgach, mana, endi atlas, chiroyli matolardan ko‘ylak kiying ona, o‘zimiz olib beramiz, deb olib kelganimizda “Endi momoy bo‘ldim, bolam, atlas kiyib nima qildim”, deganlarida ko‘zim yoshlangandi. Shu-shu onam mudom chit ko‘ylak kiydilar...
Bugun o‘nlab nevara, nevara kelinlar, evaralar qurshovidagi onaxon shu uyning farishtasi. “Evaralarining hammasini o‘zlari katta qildi”, deyishdi faxr bilan kelinlar.
Salomat aya ketar chog‘imizda 1994 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganini faxr bilan so‘zlab berdi. Yaqinda viloyat hokimi E.Turdimovning qo‘lidan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini olganini, hokimiyatga o‘zim boraman, deb turib olganini zavq bilan aytib berdi. Keyin qo‘lini duoga ko‘tararkan, yurtimizga tinchlik va to‘kin-sochinlik, Yurtboshimizga omonlik tilab uzundan uzun tilak bildirdi.
Gulruh MO‘MINOVA.