Ikki bosh uzum (Hayotiy hikoya)

Yoz kunlari edi. Ukam o‘rtoqlari bilan o‘ynab, kechki payt uyga endi qoraya boshlagan ikki bosh uzum ko‘tarib keldi.

“Uzum pishibdimi, qayerdan olding, bu bizgami” deb suqlanib qaradik va singlim uzumni yuvish uchun yugurib borib, paqirda suv olib keldi.
Uzumga qo‘l uzatishga ham ulgurmagandik, oshxonada kechki ovqatga unab yotgan onam gap-so‘zimizni eshitib, chiqib keldi.

– Kim berdi bu uzumni, qayerdan olding? – deb so‘radi ukamdan.

– Jo‘ralarim bilan katta ariqqa cho‘milishga borgandik, o‘sha yerdagi bog‘dan oldik, – dedi ukam onamning fe’lini bilgani uchun yerga qarab.

– Egasi berdimi yoki o‘zlaring oldinglarmi?
Ukam indamay yerga qarab turaverdi.

- O‘g‘irlagansizlar-a? Uyalmadinglarmi, egasi ko‘rsa yoki bilib qolsa nima deydi? Yana uyga ham olib keldingmi, harom luqmani-ya? – onamning jahli chiqar, ukamni urmoqchi bo‘lgandek qo‘lini ko‘tarar, lekin unga qo‘lini tekizmasdi. Keyin ikki bosh uzumni olib ukamning qo‘liga tutqazdida “Qayerdan olgan bo‘lsang, o‘sha yerga olib borib qo‘yib kel yoki egasiga uzumingizni men o‘g‘irlagandim, deb ayt” dedi.

Ukam yig‘lab yubordi va “Jo‘ralarim olamiz dedi-da, shuning uchun oldim, kechiring biyi, ikkinchi marta qilmayman, bu ishni” deb supa chetiga o‘tirib oldi.

– Meni biyi dema, o‘g‘rilik qilgan bolaga ona bo‘lmayman.

Onamning bu gapidan keyin singillarim ham yig‘lab, ukamni kechirishini so‘rashdi. U kishi esa jahlidan tushmasdi.

Kech bo‘lib qolgani uchun ukam bilan ikkimiz uzumni ko‘tarib ko‘chaga chiqdik va nima qilishni bilmay katta ariqqa oqizib keldik.
Uyga kelganimizda otam ham ishdan qaytgan va hamma gapdan xabardor bo‘lgan ekan. Lekin ukamga hech narsa demadi. Faqat ikki-uch kundan keyin, suv yoqalab kelish uchun katta ariq bo‘yicha chiqqanimizda otam o‘sha bog‘ egasini ko‘rib, “tunov kuni sizdan so‘ramasdan bog‘ingizdan ikki bosh uzum olgan ekan, kechirasiz-da, bu ishni boshqa qilmaydi”, dedi. Bog‘bon esa o‘zi ikki bosh uzum uzib kelib menga va ukamga tutqazdi va “so‘rasanglar o‘zim olib beraman, bolalarim, faqat tokni payhon qilmanglar” deb nari ketdi.

Shu voqeadan keyin onam ro‘zg‘orga harom luqma aralashtirmaslik, birovning haqini yemaslik va buning oqibatlari haqida bizga tez-tez hikoya va rivoyatlar aytib berardi. Bizni hamma vaqt halol va pok bo‘lib yashashga da’vat etardi.

G‘olib Hasanov.