Ikki boshli odam
Bu g‘ayrioddiy odam - Paskual Pinon 1889 yilda Meksikada tug‘ilgan. Ikkinchi boshi peshanasining tepasida joylashgan bo‘lib, asosiy boshining kichkinagina nusxasini tasvirlar edi. Meksikalik spirtli ichimliklar iste’mol qilganida, kichkina boshi yuziga tupurib, hiqqillay boshlardi.
Konchilar qishlog‘ining mahalliy aholisi Pinonni "Shaytonning o‘g‘li" deb atardi. Shuning uchun bog‘lab qo‘yib, uzoq vaqt davomida chuqurlikda mahbus sifatida ushlab turgan.
San-Diyegodagi xususiy teatr tomoshalari tashabbuskori Jon Shaydler Paskual to‘g‘risida eshitganida, tabiatning bu mo‘’jizasini izlab topishga qaror qildi. U Paskual Pinon tomoshalarida ishtirok etsa, uning sirki mashhur bo‘lib ketishiga ishonardi.
Impressario bo‘lajak sirk artistini topish maqsadida Meksikaga yo‘l oldi. U tog‘li qishloqda toliqib yurib, ikki boshli odam haqida surishtirganda, odamlar o‘zini hech narsa bilmagandek tutardi va u haqida hech qachon eshitmaganligini aytardi. Jon aholining ko‘rsatgan adovatidan hayron bo‘ldi, keyinchalik Paskualning uzoq vaqt davomida konda bog‘lab qo‘yilganini bilib oldi. Sirk egasi oxir-oqibat Paskual saqlanadigan konni topishga muvaffaq bo‘ldi.
U katta qiyinchilik bilan mahalliy aholini Paskualni qo‘yib yuborishga ko‘ndirdi. Shundan so‘ng Pinon yangi - sirk artisti kasbini o‘zlashtira boshladi. Ikki boshli artistning sirkdagi debyuti 1927 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda u hech nima qilmasdan faqat omma oldida chiqib o‘tirishi bilan zaldagi odamlarni hayratda qoldirdi.
Unga shlyapa kiydirilgandi, ikkinchi boshining yuzi shlyapada qilingan teshik orqali odamlarga boqardi. Ko‘zlari hushyor turar, har zamonda yuzini burishtirib, lablarini qimirlatar, tovush paychalari rivojlanmaganligi sababli gapirmas edi.
Ko‘pchilik meksikalikning ikkinchi boshi sirini ochishga harakat qilgan. Haqiqatga yaqini u kam rivojlangan egizak birodarga tegishli degan taxminlar bo‘lgan. Ko‘rinishidan rivojlanishning ba’zi bosqichlarida ona qornida ikkala homilaning boshi birga o‘sgan. Shu tarzda Paskual ikki bosh bilan dunyoga kelgan.
Tomoshalar Paskual butunlay voz kechguncha davom etdi. Keyin u sirkda kichkina boshini katta silindr ostida yashirib, oddiy faqir sifatida tomosha ko‘rsatishni davom ettirdi. Tomoshalarning birida silindr boshidan yiqilib tushdi va odamlar unga tosh ota boshladi.
Shundan so‘ng u sirk tomoshalaridan butunlay voz kechishga qaror qildi va kutilmaganda o‘zida odamlarga shifo beruvchi va ularning istaklarini ro‘yobga keltiruvchi xususiyatlarni ochdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra uning oldiga kelgan odamlarning istaklari haqiqatan ham bajarilgan.
Paskual Pinon uzoq yashamadi. U 1929 yilda 40 yoshida vafot etdi. Pinon "Ginnesning rekordlar kitobi"ga kiritilgan va Londondagi "Madam Tyusso" muzeyida undan mumsimon haykallarni yasashda foydalanilgan.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.