Ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan pichoqbozlik voqeasida ikki nafar qiz ham bo‘lgan
Kecha, 20 sentyabr kuni soat 06:00 larda Toshkent shahar Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klubda qotillik sodir etilganligi haqida xabar bergan edik.
Toshkent shahar IIBB ushbu hodisa bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlarni ma’lum qildi.
"PPX xodimlari voqea joyiga yetib kelishganda, pichoq bilan yaralangan to‘rt nafar yigitlardan biri – 18 yoshli Ali G. voqea joyning o‘zida hayotdan ko‘z yumgan. Uch nafar yigitlar shifoxonaga yetkazildi. Shifoxonada janjalda ishtirok etganlardan yana biri – 23 yoshli Danil S. hayotdan ko‘z yumdi. 21 yoshli Aziz A. va 28 yoshli Azizbek T. ayni vaqtda shifoxonaga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, kelishmovchilik ikki guruh yigitlar orasida kelib chiqqan. 8 kishidan iborat bo‘lgan birinchi guruh orasida ikki nafar qizlar ham bo‘lgan va ularning hammasi Amir Temur ko‘chasida joylashgan tungi klub yonida bo‘lishgan. 5 kishilik ikkinchi guruh ham o‘sha atrofda bo‘lgan. Qizlardan birining o‘z guruhidagi yigitga aytgan gapi boshqa guruhdagi yigitga xuddi unga aytilgandek tuyulgan. Shu sababli orada kelib chiqqan mojaro mushtlashuvga aylanib ketgan. Mushtlashuv davomida ikkinchi guruh ishtirokchisi - 23 yoshli Sanjarbek X. pichoq chiqarib tartibsiz ravishda zarba berishni boshlagan. Oqibatda to‘rt nafar yigit jabrlanib, ulardan ikkitasi hayotdan ko‘z yumgan.
Voqea joyiga yetib kelgan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 23 yoshli Sanjarbek X., 18 yoshli Sardor K., 23 yoshli Rahmatulloh X. va yana bir necha kishi qo‘lga olinib, ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2 qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishga jalb qilingan 23 yoshli Sanjarbek X. hozirda qo‘lga olingan.
Ayni vaqtda kelishmovchilikning yana ikki nafar ishtirokchisi bo‘lgan 18 yoshli Sardor K. va 23 yoshli Rahmatulloh X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2 qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur shaxslar ham qo‘lga olingan.
Tergov davom etmoqda. Kelishmovchilikning boshqa ishtirokchilarini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda", deyiladi xabarda.