Ikki oylik bolamga kitob olganman

Har bir ayol zimmasida farzandga chiroyli tarbiya berish, ilm o‘rgatish vazifasi bor. Bu mas’uliyatni bajarish uchun bizdan sabr, mehr-muhabbat va ilm talab etiladi. Afsuski, bu vazifani hammamiz yaxshi uddalay olmaymiz.

Ilmiy izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, farzand tarbiyasida ota-onaning o‘rni muhim, lekin onaning ta’siri nisbatan yuqoriroq. Ayniqsa, farzand 3 yoshgacha onaning parvarishi va tarbiyasiga muhtoj va uning o‘rnini hech kim bosa olmaydi.

Bugungi kunda hayotimizga ham erta ta’lim tushunchasi kirib kelmoqda. Bolani 3 yoshgacha fiziologik jihatdan sog‘lom, kasal qilmasdan o‘stirish eng yaxshi va normal bolalik yillari hisoblanadi. Shu uch yilda bola miyasining 80 foizi shakllanadi va bu uning kelajagini belgilaydi. Bu davrda bola har qanday ma’lumotni hech qanday qiyinchiliklarsiz qabul qiladi, ya’ni miya faqat takrorlash evaziga ma’lumotlarni o‘zlashtirib oladi. Men ham yosh onaman, farzandim bir yarim yoshda. “Bilingual” uslubi asosida qizimning tili shakllanyapti. Bu davrda bola miyasi til o‘rganishga juda chanqoq bo‘ladi va 5 yoshgacha 4 ta tilni hech qanday qiyinchiliklarsiz o‘rgana oladi. Biz ingliz va o‘zbek tillarini (oilada tojik tilida so‘zlashamiz) tanlaganmiz, “bilingual” uslubda bola tarbiyalash jarayoni o‘ziga yarasha qoidalar va ehtiyotkorlikni talab etadi. Agar usul to‘g‘ri qo‘llanilsa, bola tilida hech qanday kechikish, ikki til o‘rtasida chalkashlik yuzaga kelmaydi. Eng asosiysi, bola tilni faqat eshitish, kundalik muloqotlar takrorlash evaziga o‘rganib oladi. Ingliz tilini bilganim va uni farzandimga erta yosh davrida o‘rgatayotganim ona sifatida farzandimga berayotgan eng katta yordamim deb o‘ylayman. Hozir bo‘sh vaqtimizni kutubxonada o‘tkazamiz.

Qizimga ilk kitoblarini ikki oyligida xarid qilganman va bular oq-qora kartochkalar edi. Besh oyligida esa shiqirlaydigan yumshoq kitoblarni xarid qilgandim. Bu davrda ovoz chiqarib, rollarga kirib o‘qib berardim. Sekin-sekin qattiq muqovali kitoblar xarid qiladigan bo‘ldik. Stipendiyamning yarmini shunaqa rivojlantiruvchi kitoblarga sarflardim. Harakatlarimiz besamar ketmaganini hozirdan ko‘ra boshladim. Qizim bir yarim yosh bo‘lganda uning kitobga mehri oshganini his qildim, nutqi juda yaxshi rivojlanyapti va kitobni ko‘rishi bilan olib kelib mendan o‘qib berishimni so‘raydi. Kitob sotib olganimda mendan ajablanganlar, yosh bolaning boshini qotirma deydiganlar juda ko‘p bo‘lardi. Hatto o‘zim ham bir yoshli qizimga kitob olishim kerak deb atrofdagilarga aytishga uyalardim. Chunki jamiyatimizda bunday qarashlar hali yangi, ayrimlar uchun esa umuman g‘alati tushuncha. Hozir natijani ko‘raman-u, to‘g‘ri yo‘lda ekanligimdan xursand bo‘laman. Bugungi kunda kutubxonalarda yosh bolali onalarni ko‘p uchratamiz va bunday kutubxonalar soni yanada ko‘payishini, har bir viloyat, tumanga yetib borishini istardim.

Dunyoni endi taniyotgan bolani gadjetlarga bog‘lanishi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi, bola oldida telefon emas, kitob varaqlang, ko‘proq ilmiy suhbatlar quring. Bu virtual olamda bolani kitobga qiziqtirish ham bir mushkulot va buni eplayotgan onalarga yo‘q emas.

Marjona SAMADOVA.