Ikki tomonlama pnevmoniya yuqumli kasalliklar sirasiga kiradimi?
SSV Matbuot xizmatining bu savoliga Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:
— Aslida ikki tomonlama pnevmoniya kelib chiqishida virus, bakteriyalar yoki zamburug‘lar sababchi bo‘ladi.Ular keltirib chiqaradigan ikki tomonlama pnevmoniya kasalligi shu keltirib chiqaruvchi infeksiya yuqish yo‘llariga qarab yuqumli hisoblanadi.
Hozirda virus kasalliklari dolzarb bo‘lib qolgani bois, biz havo tomchi orqali yuquvchi kasalliklardan ko‘proq xavotirlanishni boshladik.
Aslida bakteriyalar, zamburug‘lar va oddiy hujayrali parazitlar ham o‘z o‘rnida yuqumli hisoblanadi. Ularning yuqish yo‘li havo tomchi orqali bo‘lmasligi mumkin, lekin organizmga tushgan bunday infeksiya turlari pnevmoniya kabi o‘tkir kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Yoki parazitlar inson organizmi immun tizimi pasayishini kutib yotadi. Immun tizimi pasaysa, bu infeksiya joylashgan a’zosini jarohatlab, kasallik chaqiradi.
Shu bois, biz doimiy ravishda infeksiyalardan o‘zimizni himoya qilishimiz, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishimiz, sog‘lom turmush tarzini yuritgan holda to‘g‘ri va muqobil ovqatlanishimiz, yengil jismoniy faollikni doim bajarib yurishimiz zarur.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.