Ilm-fanda beqiyos dorilfunun
Insoniyat tarixida har bir narsa, voqea-hodisalarning o‘ziga xos hayotiy ehtiyoj natijasida paydo bo‘lishi, shakllanish bosqichlari, taraqqiyot cho‘qqisi, erishilgan natijalaridan iborat tarixi mavjud. Samarqand davlat universitetining ham shakllanishi va tarixiy taraqqiyot yo‘li uni qadim-qadimdan ma’rifat o‘chog‘i bo‘lib kelganligidan dalolat beradi. Adabiyotshunos olim Boturxon Valixo‘jayevning tadqiqotlarida universitetning tamal toshi XV asrda qo‘yilganligi ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berilgan. Ustoz o‘zining 2001 yilda chop etgan “Samarqandda oliy ta’limi madrasai oliya-universitet tarixidan lavhalar” kitobida Samarqand davlat universitetining tashkil etilishini Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining tashkil etilishidan (1420 yil) boshlanganligini aniq faktlar asosida isbotlaydi.
Samarqand dunyodagi uzoq va boy tarixga hamda yuqori imijga ega madaniyat o‘choqlaridan biri hisoblanadi. Qadimdan dunyo ilm-fani, ma’rifati, madaniyati xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarning aksariyati Samarqand muhitida ilm olgan, mutafakkir olimlar sifatida shakllangan va noyob iqtidorlarini astronomiya, geodeziya, fizika, matematika, tibbiyot, falsafa, shaharsozlik, pedagogika va boshqa sohalardagi ilg‘or g‘oyalari, buyuk kashfiyotlari orqali dunyoga namoyon etgan. Albatta, bu yurtda agar qadimdan madrasalar, madrasai oliya bo‘lmaganida, bu qadar mutafakkir olimlar, jahonshumul fotihlar, hukmdorlar yetishib chiqmasdi. Mazkur xulosa ustozimizning universitet tashkil etilish tarixi bilan bog‘liq fikrlarining isbotidir.
Samarqand davlat universiteti tayyorlagan matematika, fizika, ximiya, biologiya, tarix, huquqshunoslik, iqtisod, falsafa, pedagogika, o‘zbek, rus, xorijiy til va adabiyot bo‘yicha tayyorlagan taniqli olimlar, yetuk mutaxassis kadrlar nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida o‘zlarining salohiyatlarini namoyon etib kelmoqda.
Jumladan, birgina XX asrda O‘zDU, keyinchalik SamDU deb atalgan universitetda ta’lim olib, ijod maydonida tan olingan o‘zbekistonlik taniqli shoir va yozuvchilarining aksariyati ushbu dargohning sobiq talabalaridir. Hamid Olimjon, Uyg‘un, Oydin, Mirtemir, Usmon Nosir, Hasan Po‘lat, Sharof Rashidov, Amin Umariy, Asqar Muxtor, Nazarmat, O‘tkir Rashid, Dushan Fayziy, Barot Boyqobilov, Omon Matjon, Normurod Narzullayev, Samariddin Sirojiddinov, Ullibibi Otayeva, Qambar ota, O‘tkir Rahmat, Farmon Toshev, Ahmad A’zam, Nodir Jonuzoq va boshqa yuzlab ijodkorlarning noyob qobiliyatlarini ro‘yobga chiqargan ham uzoq tarixga ega ushbu universitet tajribasi hisoblanadi. Temuriylar hukmronligi davrida Samarqand bejiz ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markaziga aylanmagan. Amir Temur hukmronligi, Mirzo Ulug‘bek ta’sis etgan madrasai oliyada ijodkorlarga ijod sirlarini mukammal o‘rgatish bo‘yicha bosqichma-bosqich ta’lim mazmuni (dasturlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar) yaratilmaganida, ta’lim-tarbiyaning samarali shakl, metod va vositalari ishlab chiqilmaganida, ular davr talablari asosida takomillashtirib borilmaganida bugungi kunga kelib nafaqat o‘zbek she’riyati, o‘zbek prozasi, balki astranomiya, matematika, fizika, falsafa va boshqa sohalardagi olimlar dunyo madaniyatida bunchalik yuksak e’tirofga ega bo‘lmasligi mumkin edi.
Men ham shunday salohiyatli universitetning o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetida akademiklar Vohid Abdullayev, Boturxon Valixo‘jayev, professorlar Ulug‘ Tursunov, Nuriddin Shukurov, Saydulla Mirzayev, Hamdam Berdiyorov, Rahim Muqimov, Jo‘raboy Hamdamov, Rahmatulla Qo‘ng‘irov, Rahmonqul Orzibekov, Jo‘ra Hojimatov va boshqa zabardast adabiyotshunos olimlardan ta’lim-tarbiya olganligimdan faxrlanaman. Hayotda men nimaga erishgan bo‘lsam, avvalo, tarixi boy Samarqand davlat universiteti va ustozlarimning salohiyati, ijodiy muhitning ta’siri deb bilaman.
Universitetning ilm-fan, adabiyot va san’at bo‘yicha erishgan yutuqlari, yetuk kadrlar tayyorlashda tutgan o‘rni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi salohiyati, uzoq va boy tarixi hamda keng jamoatchilikning bu boradagi fikrlariga asoslanib, universitetning 600 yillik yubileyini keng nishonlash maqsadga muvofiq, deb bilaman.
Oynisa MUSURMONOVA,
pedagogika fanlari doktori,
professor.