Ilm istagan xitoylik, arab yoki yunon Samarqandga oshiqqan
Arab bosqinidan avval bu yerdagi ta’lim asosan, diniy-falsafiy yo‘nalishda bo‘lib, o‘tmish yozma bitiklarida Afrosiyobda buddaviy ta’lim maskanlari faoliyat ko‘rsatganiga oid ma’lumotlar mavjud. Ya’ni, samarqandlik allomalar qadim Hindiston, Xitoy kabi o‘lkalarda ham ta’lim sohasida ulkan yutuqlarga erishgan. Jumladan, ustoz alloma, tarjimon va rohib Kan Sen-Xuee (?-280 y.) Xitoyda yuksak hurmatga erishgan. Uning "Kan" ismi ajdodlari samarqandlik, "Xu" nisbasi esa shu shahar eliga mansub bo‘lganligini bildiradi.
Kan Sen-Xueening oilasi Samarqanddan dastlab shimoliy Hindistonga va u yerdan Xitoydagi Uch xonlik hukmronligi (220-280 y.) davrida U deb ataluvchi davlat poytaxti Nankin shahriga boradi. Kan Sen-Xuee o‘z davri uchun asosiy ta’lim yo‘nalishi bo‘lgan buddaviylik ta’limini yo‘lga qo‘yish bilan birga, falsafiy asarlarning tarjimasi bilan ham shug‘ullanadi, xitoylik yoshlarga saboq berib, ustoz sifatida taniladi.
Alloma Kan Sen-Xuee asosan, ijtimoiy soha – falsafada juda muhim va dolzarb masalalar bilan shug‘ullanadi. U buddizm, konfutsiylik va daosizmni birlashtirishga, shu bilan falsafiy g‘oyalar o‘rtasida mavjud bo‘lgan ziddiyatlarni bartaraf qilishga, ularni inson kamoloti va ma’rifati yo‘liga hizmat qildirishga harakat qiladi.
Bu bilan Kan Sen-Xueeni O‘zbekiston va Xitoy xalqlari orasida falsafiy-ijtimoiy soha bilan bog‘liq aloqalarni yo‘lga qo‘ygan ilk allomalardan, desak xato qilmaymiz.
Qadim Samarqand oliy ta’lim o‘choqlari xitoylik ilm istovchilarda qiziqish uyg‘otib kelgan. Xitoylik mashhur rohib, sayyoh, faylasuf va tarjimon Syuanszan (602-664 y.y. ) Farg‘ona hamda Toshkentga sayohat uyushtirishdan tashqari, Samotszyan deb atagan Semizkent (Samarqand)ga ham tashrif buyurgan.
O‘sha davrda Samarqanddagi ulug‘ buddaviy ilm va ziyorat maskanlarining dovrug‘i allaqachon Uzoq Sharq mamlakatlariga yoyilgandi. O‘zini ilmli, ma’rifatli, deb bilgan, ilm o‘rganaman, degan xitoylik, arab yoki yunon bu shaharni, albatta, ziyorat qilishi lozim bo‘lgan.
Shu bois, Syuanszan Samarqandning oliy dargohlarida ta’lim oladi, allomalar bilan muloqotda bo‘ladi, zardushtiylik ta’limoti vakillari bilan suhbat quradi. Bu yerdagi buddaviylik ta’limoti zardushtiylikning ezgu g‘oyalari bilan qorishiq tarzda umuminsoniy g‘oyalarga xizmat qiluvchi talqinlarning mavjudligi, Uzoq Sharqqa dovrug‘i ketgan ikki buyuk va ulkan ilm dargohi unda katta taassurot qoldiradi.
Samarqandning o‘sha vaqtdagi hoqoni Tongshixu Syuanszanni hurmat va ehtirom bilan kutib oladi. Mehmon hoqonga ibodatxonalar va budda madrasalarining faoliyatini kuchaytirish, talabgorlar uchun yangilarini qurish taklifini beradi. Keyinchalik hoqon va uning merosxo‘rlari xitoylik missioner-faylasufning maslahatiga ko‘ra, nafaqat Samarqandda, balki Farg‘ona vodiysida ham yangi ibodatxona va ilm dargohlarini bunyod etishadi. Qolaversa, samarqandlik hoqon tashabbusi bilan bunday qurilishlar g‘arbiy Turkistonning shimolida, Talas daryosi atrofida, Chu daryosi vodiysida, Yettisuvda ham amalga oshdi. Syuanszan bergan ma’lumotlarga qaraganda, bunday ziyoxonalar Qashqar va Baqtriya poytaxti Balxda keng rivojlandi. Ayniqsa, Balxdagi Nava Vixara (Navbahor) madrasasi mashhur bo‘ldi.
Sayyoh bir necha oy Samarqandda yashab, mahalliy xalq turmush tarzini ham o‘rganadi, Navro‘z bayrami, ko‘pkari, kurash musobaqalarida qatnashadi. So‘ng Keshga, u yerdan Termizga o‘tib, ming rohibdan iborat katta ulamolar jamoasini, butxonalarni ziyorat qiladi.
Alloma bu xotiralarini o‘zining "Buyuk Tan davrida g‘arbiy o‘lkaga sayohat" nomli Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab qilgan 17 yillik safari haqidagi esdalik asarida yozib qoldiradi.
Arab bosqinidan keyin, VIII-XI asrlarga kelib, yurtimiz hududida maktab va madrasalar shakllandi. Ularda Xorazmiy, Farobiy, Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar yetishib chiqdi. Jumladan, Xorazmiyning "Algoritm", Farg‘oniyning "Oy Yerning ostida yoki ustida turganida vaqtni aniqlash", Ibn Sinoning "Ash-shifo", Ulug‘bekning "Ziji Ko‘ragoniy" kabi risolalari XII-XVI asrlarda Yevropada qayta-qayta chop etildi, matematika, astrologiya va geodeziya fanlaridan asosiy darslik sifatida keng foydalanildi.
Mo‘g‘ullar istilosi davrida ilm-fanning rivoji biroz susaygan bo‘lsa-da, temuriylar davriga kelib, yana qaddini tiklay boshladi.
Jahonga mashhur Ali Qushchi, Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetkazib bergan ana shunday ilm dargohlaridan biri Ulug‘bek madrasasidir. Ushbu madrasada ilohiyot bilan birga, falakiyot, tarix kabi dunyoviy fanlar chuqur o‘rganilgan. 1420 yilda ishga tushgan madrasada yuzdan ortiq talabalarga Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi astronomiya, matematika, tarix, tibbiyot kabi fanlardan dars berishgan.
XIX asrning oxirlariga qadar bu dargohda ko‘plab shoir va allamolar yetishib chiqdi. N.Ostroumovning xabar berishicha, 1906 yilda Ulug‘bek madrasasida 60 dan ziyod talaba saboq olgan.
Mustaqillik yillari yurtimiz taraqqiyotning yangi pog‘onasiga qadam qo‘ydi. Deyarli unutilgan ko‘plab milliy an’analarimiz va buyuk bobolarimizning nomlari qayta tiklandi. Ayniqsa, Prezidentimizning respublikamiz ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lgan uchrashuvda ta’lim tizimini isloh qilish, ilmiy tadqiqotlarimiz ko‘lami va samaradorligini yaxshilash borasida bildirgan fikrlari olimlarimiz oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu nuqtai nazardan Samarqand davlat universiteti Sharq va Farb davlatlarining universitetlari bilan aloqalarni kuchaytirmoqda. Natijada olimlarimiz tomonidan "Xitoy tili", "Xitoy adabiyoti tarixi", "Dao De Jing" va Xitoy adabiyoti", "Lotin tili" va "Fransuz tili" kabi darslik, risola va o‘quv qo‘llanmalar chop etilmoqda. Muhimi, ilm-fan tarixi va taraqqiyoti bo‘yicha ilmiy kuzatishlar orqali tariximizning o‘rganilmagan jihatlariga aniqlik kiritilmoqda.
Muso YO‘LDOShEV,
SamDU professori,
Erkin MUSURMONOV,
dotsent.