Ilm-ma’rifat, raqamli iqtisodiyot – barqaror rivojlanishga kafolat

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilindi. Bu bilan davlat rahbari ilm-ma’rifat va texnologiyalarning mamlakat rivojlanishidagi ahamiyatiga to‘xtaldi va “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlik” ekanligiga urg‘u berdi.

Demak, bugun barchamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.

Murojaatnomada tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish orqali aholining turmush farovonligini yuksaltirishga e’tibor qaratilgani ahamiyatli.

Yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida amalga oshirilayotgan islohotlarda tashabbuskor, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali bo‘lishi inson kapitaliga aylanishidan dalolat beradi.

Maktabgacha ta’limni rivojlantirish borasida boshlagan islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 5 ming 722 ta davlat, xususiy, oilaviy bolalar bog‘chalari tashkil etildi. Shuning hisobidan farzandlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi bir yil davomida 38 foizdan 52 foizga ko‘tarildi.

2019 yilda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi 3 ta Ijod maktabi ish boshladi. Oliy ta’limni rivojlantirish uchun o‘tgan yili 19 ta yangi oliy o‘quv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Oliy ta’lim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016 yilga nisbatan 2 barobar ko‘p talaba o‘qishga qabul qilindi.

Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy, iqtisodiy sohalarda raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi orqali quyidagilarga erishish mumkinligi yurtboshimiz tomonidan ta’kidlandi:

- mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi;

- ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi;

- og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham ular samarali vosita;

- natijadorlikni oshiradi;

- odamlarni turmushi yaxshilanadi.

Darhaqiqat, tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ilmga, ma’rifatga asoslangan jamiyatgina o‘zining buyuk davlatchiligiga asos solinganligini ko‘rishimiz mumkin.

Hozirda axborotlashgan jamiyatda yashar ekanmiz, jamiyatni raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmasdan turib barcha sohalarni jahon integratsiyalashuvida, shuningdek, taraqqiyotimizda strategik yondashuvda strategik elementlarni amalda hayotimizga tatbiq etmasdan turib, barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Raqamli iqtisodiyot – yangi raqamli tushunchalar va imkoniyatlar doirasida jamiyatda, biznesda yangi bilim va raqamli texnologiyalarni shakllantiruvchi zamonaviy iqtisodiy tizimni anglatadi.

Masalan, aholining davlat organlari bilan munosabatlarida elektron tarzda axborot almashinuvi, yuridik va jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmatlari organlariga masofadan turib elektron hisobotlarni taqdim etishi, notarial idoralarda axborot tizimining joriy etilishi raqamli iqtisodiyot shakllanishida dastlabki qadam bo‘lmoqda.

Bugungi kunda barcha rahbar kadrlarda, davlat xizmatchilarida aholiga xizmat ko‘rsatish tizimlarida raqamli texnologiyalarni tizimli yo‘lga qo‘yish, aholi va davlat xizmatchilarida bu boradagi tushunchalar va ko‘nikmalarni shakllantirish dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmog‘i kerak.

Shaxriyor XOLBAYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali bosh mutaxassisi.