Ilmiy isbotlangan xulosa: Bobo-buvilari yonida ulg‘aygan nabiralar ruhan tetik voyaga yetadi
Mutaxassislarning fikricha, bobo va buvilari tomonidan ko‘rsatilgan mehr, g‘amxo‘rlik va himoya nabiralarga juda foydali ta’sir ko‘rsatar ekan. Bunga ko‘plab ilmiy tadqiqotlar guvohlik beradi.
Bobo, buvi va nabira o‘rtasidagi ruhiy yaqinlik bolada siqilish holatining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, “The Gerontologist” jurnalida chop etilgan tadqiqotda 356 nafar nabira va 374 nafar bobo va buvi ishtirok etdi. Boston universiteti tadqiqotchilari 19 yil davomida yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilib ko‘rishdi va keksa avlod vakillarida ham, yosh avlod vakillarida ham siqilish (depressiya) holati xavfi kuzatilmaganini aniqlashdi. Bobolar va buvilar nabiralariga barqarorlik hamda ruhiy xavfsizlik hissini berishar ekan. Ota-onalar urushib, janjallashib qolishganda bobo va buvilar nabiralar uchun himoyachi vazifasini bajarishadi.
Oksford universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlar esa shuni ko‘rsatdiki, nabira va bobo-buvi o‘rtasidagi yaqin ruhiy aloqalar bolalarga, ota-ona janjali va ajralishi, o‘smirlikdagi sevgi dardi, maktabdagi kelishmovchiliklar kabi ruhiy zarbalarni yengishga yordam berar ekan.
Professor Enn Byukenen rahbarligida o‘tkazilgan tadqiqotda 1500 bola ishtirok etdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bobolari va buvilari bilan yaqin aloqada bo‘lgan bolalarda hissiy va tarbiyaviy muammolar kam uchrashi aniqlandi. Bundan tashqari, ularda hayotdagi qiyinchiliklarni yengishga yordam beradigan o‘zini anglash hissi ham ko‘proq rivojlanganligi aniqlandi.
Ota-onalarning ko‘p hollarda bolalari bilan suhbatlashishga, ularni sayrga olib chiqishga va turli o‘yinlar o‘ynashga vaqtlari bo‘lmaydi. Bu vazifani bobo va buvilar qoyilmaqom qilib bajaradi. Shuningdek, ular nabiralarini deyarli koyimaydi. Shu sababli nabiralar o‘zlarini ularning oldida erkin his qiladi va o‘z sirlarini bo‘lishadi.
Yuqorida ko‘rsatilgan holatlarning barchasi oiladagi ruhiy xotirjamlikni asraydi. Ota-onalar ham o‘zlarini xotirjam his qiladi. Chunki ular yo‘qligida farzandlar ishonchli qo‘llarda bo‘ladi.
Bekzod MUSURMONOV tarjimasi.