Imkoniyati cheklangan o‘quvchilar qaysi kasblarni o‘zlashtiryapti?

Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumida «Kasb va yoshlar» shiori ostida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi.
Tadbirda viloyatdagi barcha alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda umumta’lim maktablarining nogironligi bor bo‘lgan 125 nafar bitiruvchi va ularning ota-onalari ishtirok etib, texnikumda yaratilgan sharoitlar, o‘qitiladigan kasblar bilan tanishdi.
- Muassasamizda Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarining 226 nafar maxsus maktab-internatlari bitiruvchilari «Tikuvchi», «Maishiy texnika jihozlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash», «Apparat va dasturiy ta’minot sozlovchisi», «Poyabzal ishlari», «Duradgorlik va pol yotqizish ishlari ishchisi», «Mebel ishlab chiqarish» kasblari bo‘yicha tahsil olmoqda, - deydi Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumi direktori Alisher Bultakov. - O‘quv va amaliy mashg‘ulotlarni olib borish uchun zamonaviy ustaxona va asbob-uskunalar mavjud. Shuningdek, texnikumda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 32 ta to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, shulardan umumta’lim fanlari, badiiy havaskorlik, rassomlik, zardo‘zlik va kasbiy to‘garaklarga o‘quvchilar jalb qilingan.
Texnikumda «Tikuvchilik», «Poyabzal ishlari», «Duradgorlik va pol yotqizish ishlari ishchisi», «Mebel ishlab chiqarish» kasblari bo‘yicha ish beruvchi korxonalar bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga muvofiq, ularning buyurtmasi asosida mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. «Maishiy texnika jihozlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash» kasbi bo‘yicha esa hududdagi aholining uy-ro‘zg‘or elektrotexnik buyumlarini ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilganligi sababli o‘quvchilarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish, ularda kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga erishilmoqda.
Tadbir doirasida ota-onalar ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, o‘qishga qabul qilish tartibi, ularning bandligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish haqida so‘z yuritildi.